"ENG GO'ZAL ISMLAR ALLOHNIKIDIR" Принтер учун
14.01.2012 й.
 Ushbu asar kichkintoylarimiz uchun foydali bo'ladi degan umid bilan tarjima qildik. Marhamat qabul qiling...

Oyshagul Oygun

Mundarija:

Alloh "Rahmon"dir
Alloh "Quddus"dir
Alloh "Razzoq"dir
Alloh "Shafiy"dir
Alloh "Hafiz"dir
Alloh "Adl"dir
Alloh "Fattoh"dir
Alloh "Jamiyl"dir
Alloh "Hakim"dir
Barcha go'zal ismlar Allohnikidir.

ALLOH "RAHMON"DIR
- Bolalar, bu yoqqa kelinglar...
- Nima bo'ldi?
- Zinapoyaning tagiga bir qarang!
- Aaa!
- Bunchalik yoqimtoylar!
   Mahalladagi bolalar birgalikda berkinmachoq o'ynayotgan edilar. Oralaridan Nilufar ismli qizcha zinapoyaning tagiga berkinishni o'ylagan edi. Zinapoyaning tagiga kirganida ko'zlariga ishongisi kelmadi. Chunki burchakda yangi tug'ilgan mushuk bolachalari uxlayotgan edi. Bolalar hayajon bilan mushukchalarning oldiga yugurib kelishdi. Mahmud va Sarvar qo'llariga olib erkalashni boshladilar.
- Judayam shirinlar-a?
- Asallarim!
  Birozdan keyin mushuk bolalarinig onasi Sarmon keldi. Sarmon mahallaning mushugi bo'lib, bolalar unga shu nomni berishgan edi. Mahmud:
- Bolalar qarang! Bu mushukchalar Sarmonning bolalari ekan.
   Sarmon qanchalik bolalarga o'rganib qolgan bo'lsa ham, biroz asabiylashyotgan edi. Bu holatni payqagan Nilufar:
- Bolalar, biroz uzoqroqdan tamosha qilaylik, dedi.
   Sarmon bolalarinig yoniga yotib oldi. Mushukchalar mayin ovozda miyavlab onalarining qorniga yopishdilar. Ishtaha bilan onalarini emishni boshladilar.
Bolalar tabassum bilan ularni tamosha qilishardi. Mushukchalar sut ichishgani sayin bolalar ham xursand bo'lishar edi. Mahmud:
- Bolalari dunyoga keliboq onasida sut paydo bo'ladi, qiziq-a?
Nilufar:
- Biz ham tug'ilganimizda onamizning sutida ichib katta bo'lgan ekanmiz.
Mahmud:
- Bilasizlarmi, insonlar, mushuklar, kuchuklar, sigirlar, qo'ylar xatto kitlar ham bolalariga sut berishadi.
Sarvar hayron bo'lib:
- Kitlar ham sut beradimi?
- Ha, albatta. O'tgan kuni jurnalda o'qidim. Kit bolasi onasidan bir kunda yuzlarcha kilogram sut emarkan.
- Ajoyib holat. Bir baliq shuncha sutni dengiz ostida qayerdan oladi?
Nilufar javob berishga shoshilgancha shunday dedi:
- Alloh yaratadi-da! Alloh marhamati bilan barcha bolachalarni, jonivorlarni oziqlantiradi. Buvam shunday deydilar doim.
Bolalar biroz o'ylanib jim turishdi, sukunatni Mahmud buzdi:
- Bolalar, bu yer mushukchalar uchun biroz tahlikali. Keling yaxshisi ularni mahalladagi xaroba uyga joylashtiramiz.
   Bolalar  taklifga rozi bo'lishdi. Ularning "xaroba uy" degan joylari, mahalladagi bir qavatli kichik uy edi. U yerda anchadan beri hech kim yashamas edi. Darrov do'kondan karton quti olishdi. Uylaridan paxta olib kelib ichiga qalin qilib solishdi. Nihoyat Sarmon va bolalarini qutiga solib xaroba uyga olib ketishdi. Bolalar uchun yangi mashg'ulot topilgandi, har kuni mushukchalar bilan o'ynashar, Sarmonga ovqat olib borishardi.
Oradan bir necha kun o'tdi. Tunda baqir-chaqir ovozlar kela boshladi.
- Yong'in! Yordam bering! Yong'in!
   Mahalla ahli uyg'ondi. Xaroba uy yonayotgan edi. E'tiborsiz bir kishi xarobaning yonidan o'tib ketayotib qo'lidagi tamakisini tashlab ketgan edi. Avval qurugan o'tlar, ortidan uy yonishni boshlagan edi. Mahalla ahli darrov su tashish ishlarini boshlab yuborishdi. O't o'chiruvchilar ham tezda yetib kelishdi.
 Hammadan ham ko'p bolalar havotirlanib chekkada yig'lab o'tirgan edilar.  Chunki mushukchalar xarobaning ichida tahlikada edi.
Olov tongga yaqin atrofdagi uylarga o'tmasdan so'ndirildi. Ammo eski uydan deyarli hech narsa qolmagan edi. Bolalar hafa bo'lgancha yo'l chekkasida o'tirib xarobani tamosha qilishyotgan edi. Sarmon va bolalarini o'ldi deb o'ylab hafa bo'lib o'tirishardi.
Birozdan so'ng, yo'l chekkasida turgan katta yuk mashinasini qo'zg'alishi bilan chiqqan tutun ortidan Mahmud o'rnidan sakrab turdi:
- Aaa! Qarang bolalar!
- Nima bo'ldi?
- Anavi yerga qarang, Sarmon bolalarini qutqarib yuk mashinasining ostiga yashirinib olgan ekan.
- Yashasin! Yashasin!
Bolalar sevinch bilan mushukchalarning yoniga yugurishdi.
   Fidokor ona o'z tuklari va dumining bir qismini yonganiga qaramay bolalarini qutqargan edi. Bolalar Sarmonni quchoqlagancha do'konga yugurishdi. Do'konda sotuvchi bo'lib ishlaydigan amaki hayvonlarni juda yaxshi ko'rar edi. Sarmonning jarohatiga dori surtgach, bolalarni tinchlashtirishga harakat qildi:
- Havotir olmag bolalar, inshaAlloh yaqinda sog'ayib ketadi.
Bolalar bo'lib o'tgan voqeani aytib berishdi. Sotuvchi amaki ularni tingladi va bu voqeadan ta'sirlandi:
- Ko'rdingizmi bolalar, sizning ota-onangiz kabi hayvonlar ham bolalariga mehr-muhabbat bilan qarashadi.
Sarvar qiziqib:
- Amaki, lekin u bir hayvon-ku. Qanday qilib bolalarini qutqarish uchun olovning orasiga qo'rqmasdan kira oladi?
- Chunki, bizlarni yaratgan Alloh shunday qilishni buyuradi. Uning ismlaridan biri Rahmondir! marhamati ila onalarni farzandlari uchun mehribon qilib qo'ygan. Uning marhamati hamma narsada ko'rinib turadi. Bilasizlarmi, pingvinlar uy qura olishmaydi?
Mahmud:
- Nima uchun?
- Shuncha qor bor joyda o'tlar va somonlarni qayerdan olishsin axir?
- Ular sovqotishmaydimi?
- Yo'q, Alloh ularning tanasini qalin yog' bilan o'rab qo'ygan. Ammo, yana bir masala bor. Tuxumlari nima bo'ladi? Axir tuxumlar issiq joyda saqlanishi kerakmasmi?
Nilufar hafa bo'lib:
- Eh, bechoralar...
Sotuvchi amaki tabassum qildi va shunday dedi:
- Pingvinlar bolalari tuxumdan chiqquncha oyoqlari ustida olib yuradilar. Bir necha oylab hech narsa yemaydilar.   O'g'irliklarining deyarli yarmini yo'qotadilar. Bolalari tuxumdan chiqqandan keyingina ovga boradilar.
- Juda qiziq.
- Ba'zi baliqlar esa bolalarini og'izlarida saqlab yurishadi.
Mahmud gapga aralashdi:
- Kingrular ham bolalarini cho'ntaklarida ko'tarib yurishadi.
- Ha, bular kabi misollar juda ko'p. Alloh rahmati bilan butun hayvonlarni rizqlantiradi va muhofaza qiladi. Eng kichik, ojiz bolachalarini eng yaxshi ozuqa bo'lgan sut bilan oziqlantiradi. Ota-onasini ham ularga shafqatli qilib qo'yadi.
   Bolalar bularni eshitib juda xursand bo'lishdi. Chunki Sarmon va bolalariga qarab Allohning marhamatini his qilishyotgan edi. Bolalarning qalbida ularni va barchani himoya qilgan, oziqlantirgan va Jannatlarga chaqirgan Allohga nisbatan mehr uyg'ongan edi.

ALLOH  "QUDDUS"DIR
  Hasan xonasida o'yin o'ynab o'tirgan edi. Xonasi har doimgidek tartibsiz edi. Yotog'i tuzatilmagan, pijamalari taxlanmagan va g'ijimlangan qog'ozlar, rangli qalamlari ham har tarafda sochilib yotardi. Xonaga onasi kirdi. Atrofga bir qarab shunday dedi:
- Bolajonim, xonaning ahvoliga bir qara, nega haligacha tartibga keltirmading?
- Q'oyvuring oyi, keyin yig'ishtiraman.
- Yo'q, o'glim qani tur, bo'laqol.
Hasan hoxishsiz o'rnidan turib atrofini yig'ishtirishni boshladi.
Ichkaridan onasinig ovozi eshitildi:
- Hali yuvinishing kerak, tezroq bo'l.
Hasanning kayfiyati buzildi.
- Oyi, yuvinishim shartmi?
- Albatta, buvangni oldiga kir bo'lib boraverasanmi?
   Hasanning yuzi burishdi. Xonasini tartibga keltirgach hammomga kirdi. Yuvinib chiqqanida onasi uni kutib o'tirgan edi:
- Qani, yur bolajonim borishimiz kerak.
   Hasan va onasi mashinaga o'tirishdi. Buvasining uyiga borish uchun  yarim soatlik yo'l yurishlari kerak edi. Har hafta oxiri buvasini ko'rishga borar edilar. Hasan buvasini juda ham yaxshi ko'rar va u yerda maroqli vaqt o'tkazar edi. Birozdan so'ng manzilga yetib kelishdi. Buvasi hovlilik kichik uyda yashardi. Ularni ko'rib:
- Ooo! Hush kelibsiz, marhamat kelinglar, dedi.
   Hasan yugurgancha buvasining bo'yniga osildi. Hol-ahvol so'rashgach onasi uyga kirib ketdi. Buvasi esa Hasan bilan hovlidagi o'rindiqqa o'tirishdi. Hasanning nimadandir bezovtaligini sezgan buvasi:
- Tinchlikmi? Nima bo'ldi?
- Hech narsa bo'lmadi...
- Nima uchun hafasan? Qani aytchi?
Hasan chuqur nafas oldi.
- Buvajon, kattalar doim mendan yuvinishimni istashadi. "Xonangni tozala, tishlaringni cho'tkala, qo'llaringni yuv, yuvinib chiq" deyaverishadi. Menga esa yoqmaydi.
- Ammo, bolajonim, yuvinmasdan kir bo'lib yursang kasalliklarga taklifnoma jo'natgandek bo'lasan. Kasal bo'lishni istamaysan to'g'rimi?
- Yo'q, ammo...
Hasan kayfiyatsiz ko'rinardi. Buvasi soqolini silagancha biroz o'ylanib qoldi va shunday dedi:
- Yon-atrofingga bir qarachi qani?
   Hasan atrofiga qaradi. Daraxtlar, gullar, bog'... Bog'dagi narsalar o'tgan hafta qanday bo'lsa shunday holatda turardi.
- Tushunmadim, buvajon. Qayerga qarashim kerak?
- Yon atrofingga diqqat bilan qara, nimalarni anglashingni ko'raylikchi..
   Buvasi o'rnidan turib uyga kirib ketdi. Hasan o'rindiqda yolg'iz qoldi. Buvasi bir narsani bilmasa gapirmas edi. Demak bu yerda bir gap bor edi.
   Hasan diqqat bilan yon-atrofiga qaradi. Avval yerda shoshilgancha yugurib yurgan chumolilarga ko'zi tushdi. Biroz avval u e'tiborsizlik bilan bosib olgan chigirtkaning atrofida edilar. Chumolilar chigirtka ancha katta bo'lgani uchun kichik bo'laklarga bo'lib olib ketayotgan edilar. Bir necha daqiqadan keyin o'lgan chigirtkadan asar ham qolmadi.
   Hasanning ko'zlari chumolilarni tamosha qilar ekan qusharning chug'urlashidan diqqati buzildi. Qarshisidagi tut daraxtiga ikki chumchuq qo'nib olib chug'ur-chug'ur qilib sayrayotgan edilar. Bir tarafdan tumshug'lari bilan tuklarining orasidagi qumursqalarni tozalashardi. Qanotlarini tozalab bo'lgach, bir-birlarining boshlarini tozalashni boshladilar. Keyin yerdagi to'planib qolgan su hovuzchasida yuvindilar.
  Hasan ularni tamosha qilar ekan oyog'ining oldida bir nima surkalganini his qildi. Bu buvasining mushugi Yumoqvoy edi. Hasan uning oppoq tuklarini silab erkaladi. Mushukcha biroz surkalgach daraxt ostiga borib o'ralib yotib oldi. Yotar yotmas tuklarini yalab tozlashni boshladi. Hasan mushukni tamosha qilayotganida yonidan bir pashsha "vizillab" uchib o'tdi. Pashsha menga ham bir qara deyotgandek edi. Havoda bir ikki aylanib yonidagi gulning bargiga qo'ndi. Keyin qo'llari bilan yuzini, ko'zlarini tozlashni boshladi.
  Birozdan so'ng iliq shamol esib daraxtlarning bargini uchirib ketdi. Bog'dagi has-cho'plar supurilayotgandek edi. Keyin mayin yoz yomg'iri yog'ishni boshladi. "Tapir-tupir" tushayotgan yomg'ir tomchilari Hasanga xush kelayotgandi. Bulutdan tushayotgan suvlar tabiatni yuvardi. Bir necha daqiqadan keyin yomg'ir ham tindi. Atrof-muhit "yalt-yult' etib porlashni boshladi. Ular ham hammomda yuvingandek tozalanishdi.
  Hasan bularni ko'rib hayratda qoldi. Buvasi ishlarini bitirib uning oldiga qaytib keldi. Kelganida Hasan haligacha o'sha o'rindiqda o'tirganini ko'rib tabassum bilan:
- Xo'sh, hovlidagilar sen bilan suhbatlashdilarmi?
- Ha, buvajon, dedi va ko'rganlarini birma-bir aytib berdi. Keyin:
- Buvajon, tozalik shunchalik muhimmi? deb so'radi.
- Albatta, Hasan. Allohning ismlaridan biri ham Quddusdir. Uning "Tozalaning!" degan amriga barcha, hamma narsalar bo'ysunadi. Qara, osmonda biror kir narsa bormi? Yulduzlar, oy, quyosh va barcha narsalar "yalt-yult" etib porlab turadi. Chumolilardan tortib yulduzlargacha, galaksiyalargacha hammasi tozlanadi. Inson ham "Tozalan!" amriga bo'ysunib koinot tartibini buzmaydi.
- Tishlarimizni tozalashimiz, yuvinishimiz, kiyimlarimizni ozoda tutishimiz yetarlimi buvajon?
- Albatta,yo'q. Ma'naviy tozalik ham bor.
- U qanday bo'ladi buvajon?
- Bilamizki, insonlar gunoh ishlarni qilishi mumkin. Gunohlar ham qalbimizda bizga ko'rinmagan kirlardan hisoblanadi. Ulardan ham tozalanishimiz kerak.
- Uni qanday bajaramiz? Ularni ko'ra olmasak qanday tozalaymiz axir?
Shu payt yon tarafdagi masjiddan azon ovozi eshitila boshladi. Buvasi tabassum qilib:
- Ana qara! Tozalanishga chaqirilyapmiz. Qani, yur kettik.
Hasan va buvasi qo'l ushlashib masjidga kirishdi. Jamoat bilan saf tortib birgalikda namoz o'qishni boshlashdi. Hasan qalbida eng mayin bahor yomg'irlarini his qilayotgan edi.

ALLOH "RAZZOQ"DIR

   Usmon va uning oilasi tong sahardan yo'lga chiqishdi. Yoz faslining oxirigi kunlari bo'lgani uchun qiladigan ishlari ko'p edi. Kun bo'yi bog'da ishlashlari kerak edi.
   Traktorga minib yo'lga chiqdilar. Yo'l bo'yi rang-barang dalalardan o'tishdi. Har bir dalada har xil ekin ekilgan edi.  Bittasida pomidor, yana boshqasida kungaboqar, baqlajon kabilar bor edi. Esayotgan shabada bug'doy boshoqlarini bir u yonga, bir bu yonga tebratar edi. Dalalar go'yo sap-sariq oltin rangidan dengizga o'xshardi.
   Kungaboqarlar esa birgalikda kelishib olgandek boshlarini quyosh tomonga qaratib ko'tarib turishardi. Qip-qizil pomidorlar, do'mbillagan baqlajonlarning go'zalligini gapirmasa ham bo'ladi... Olma, anjir, o'rik daraxtlari yo'l-yo'lakay juda ko'p edi. Bu faslda barcha daraxtlar shirindan-shakar mevalar bilan to'lib toshgan edilar.
Usmon yon-atrofni tamosha qilib ketayotgan edi. Har kuni bu manzarani ko'rsa ham tamosha qilishga to'ymas edi.
- Dadajon, hammasi juda chiroylik-a?
- Ha o'g'lim, Alloh rizqimizni tuproq orqali beradi. Yeydigan nonimizni sen ko'rib turgan bug'doydan pishiramiz, bilasan. Keyin olmalar, anjirlar, noklar... Har bir meva va sabzavotlarni Robbimiz biz uchun yaratgan.
   Birozdan so'ng dalaga yetib bordilar va darrov ishlashni boshladilar. Usmonlarning dalasi sabzavotlar bilan to'la edi. Baqlajon, pomidor, bulg'or qalampiri va uzum ekilgan edi. Anor, anjir, behi daraxtlari ham bor edi. Dalaning yon tomonidan oqayotgan anhordan suv olib ekinlarini sug'orishar edi.
   Bugun ekinlarni ostini yumshatishlari kerak edi. Tuproqni yumshatilganda ekinlarning ildiziga havo etib borib ekinlar yaxshi o'sadi. Bu ish ancha qiyinroq ish edi. Chunki pastga egilib bajariladigan ish edi. Usmonga ham qalampirlarni tuprog'ini yumshatish vazifasi tushgandi. Oilaviy tush paytigacha mehnat qildilar. Tush payti kelgach biroz dam olishga ehtiyoj sezdilar. Chunki qorinlari ochiqqan va chanqagan hamda toliqqan edilar. Onasi bir chekkada olov yoqdi. Bir nechta baqlajon va qalampirni olovda qizartirishni boshladi. Usmon qizil pomidorlardan va ko'm-ko'k uzumlardan olib keldi. Dadasi esa anhordan baliq tutib keldi. Baliqni ham olovda pishirib oldilar.
   Anhor bo'yidagi anjir daraxtini tagiga dasturxon tuzadilar. Birgalikda "basmala"ni aytib ovqatlanishdi. Ochiq havoda ishtaha bilan qorinlarini to'g'izdilar. Ovqatlanib bo'lgach Usmon dasturxonni yig'ishtirishga qarashib yubordi. Dadasiga:
- Dadajon, baliq juda ham shirin bo'libdi raxmat, dedi.
- Osh bo'lsin o'g'lim.
Usmonning onasi, osmonda bulutlar paydo bo'lishni boshlaganini ko'rgach:
- InshaAlloh yomg'ir yog'adi, ekinlarimizni yomg'irga ehtiyoji bor, dedi.
   Dadasi baliq ortiqlarini suvga tashladi. Bir talay baliq kelib ularni yeyishdi. Usmon dasturxonni olayotganida non ushoqlarini shoshilgancha uylariga tashmalayotgan chumolilarga ko'zi tushdi. Onasi ortib qolgan non bo'laklarini kabutarlarga maydalab berdi. Kabutarlar "gurk-gurk" qilib nonlarni yeb olishdi. Bu orada qo'shni daladan ikki sigir kelib anhordan suv ichdi va o'tlarni yeya boshlashdi. Oradan ko'p vaqt o'tmay onasini qidirb yurgan buzoqcha kelib sigirlarning birini emishni boshladi.
   Usmon bularni maroq bilan tamosha qilayotgan edi. O'zining qorni to'yib boshqa hayvonlar och qolishsa albatta hafa bo'lar edi. Hammaning oziqlanishidan mamnun edi.
- Dadajon, hammaning yegulik topishi qanday yaxshi-a?
- Ha, o'g'lim, Alloh Razzoqdir. Rizqimizni berguvchidir. Har bir maxluqotga rizqini jo'natib turadi.
- Axir biz ham mehnat qilamiz.
- Albatta rizqini izlab topishimiz, mehnat qilishimiz ham Allohdan so'rashimiz kabidir. Mehnat qilish orqali biz Uning Razzoq ismining eshiklarini ochishini so'raymiz.
- Mehnat qilish ham duo qilishdek ishmi?
- Ha, shunday.
Onasi egilib turgan anjir daraxtidan anjir uzib Usmonga uzatdi:
- Duo faqatgina so'zdan iborat bo'lishi kerak emas. Mehnat qilish ham duodir.
Usmon anjirni yedi va po'stini tuproqqa oziq bo'lishi uchun ko'mib qo'ydi av ko'zlarini yumdi.
Ko'zlarini yumganida hech narsa ko'rinmayotgan edi, yana ko'zlarini ochdi.
- Oyijon faqatgina yeguliklar rizqmi? Ko'zimizni ko'rishi ham rizq emasmi?
- To'g'ri aytasan o'glim, oshqozonimiz uchun minglarcha xil yeguliklar yaratilgan bo'lsa, rang-barang manzaralar ham ko'zlarimiz uchun yaratilgandir. Bu manzaralarga qarab to'ymaymiz.
Usmon qushlarning maroq bilan chug'urlashini tingladi.
- Unday bo'lsa ovozlar ham quloqlarimiz uchun rizq bo'lishi kerak, dedi va davom etti:
- Aqlimiz uchun ilm rizq, hech narsa o'rgana olmasak nima bo'lardi?
Dadasi Usmonga o'girilib:
- Boshqa narsalar ham bor Usmon, qani top-chi!
Usmon biroz o'ylagach:
- Haa! Topdim. Jannat! Jannatda ham turli xil rizqlar bor.
Onasi:
- Barakalla o'g'lim. Bilasanmi, u yerdagi rizqlar hech tugamaydigan rizqlardir.
Dadasi tabassum qilib:
- Qanday yaxshi, Alloh bu dunyoi biz uchun ne'mat to'la dasturxon qilgani kabi Oxiratni, Jannatni ham abadiy dasturxon qilib yaratgan. Aslo tugamaydigan ne'matlar bilan to'ldirgan.
Onasi:
- Eng asosiysi Alloh bizga Iymon ne'matini berdi. Iymonimiz, ishonchimiz bo'lmaganida butun bu narsalarni bilmas edik, musulmon bo'lib yashay olmas edik.
Usmon:
- Faqatgina iymon keltirganlar Jannatga kiradi, to'g'rimi dadajon?
- Ha, iymon keltirganlar va iymonlariga mos ravishda yashaganlar Jannatga kiradi. Qur'oni Karim va Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bizning yo'l boshlovchimizdir.
Bir ora sukunat cho'kdi. Yoqimli yoz yomg'iri yog'a boshladi. Ekinlar, o'tlar, daraxtlar... suv oldiga o'zlari bora olmaydigan borliqlarning oyog'iga suv olib kelinayotgandek edi. Razzoq Alloh yog'ayotgan yomg'ir orqali yangi bir rahmat manzarasini ko'rsatmoqda edi.

ALLOH "SHAFIY"DIR

   Kasalxonada hasta ziyorat qilish soati bo'lib, barcha hastalarning yaqinlari ziyoratga kelishmoqda edi. Husayin ham do'sti Kamolni ziyoratga kelgandi. Hamshiradan Kamol yotgan xonani so'radi. Hamshira qo'li bilan ishora qilib:
- Anavi xonada, dedi.
- Raxmat.
Husayin ichkariga kirdi. Do'sti Kamol yotoqda uzanib yotardi, oyoqlari bog'langan edi. Husayin kulimsirab salomlashgach:
- Qandaysan do'stim?
-  Eh, mana ko'rib turganingdek.
Husayin qo'lidagi sovg'asini do'stiga berib:
- Senga kitob olib keldim.
- Raxmat, do'stim.
Husayin atrofida guldastalarni ko'pligini ko'rib:
- Yanglishmasam, ancha ziyoratchi kelganga o'xshaydi, dedi.
- Ha, juda uzoq joylardan do'stlarim, qarindoshlarim kelishdi.
Kamol kayfiyatsiz ko'rinardi. Husayin Kamolga qarab:
- Bu holatingga ham shukr qilishing kerak. O'zing ham bilasan, qilgan ishing juda tahlikali edi. Bundan ham yomon jarohat olishing mumkin edi.
   Kamol bo'lgan voqeani esladi. U doim velosiped haydashda mahallaning bolalarini ortda qoldirar edi. Faqat, o'sha kuni mahalladagilarga yana ham tez hayday olishini ko'rsatib qo'ymoqchi edi. Nihoyatda baland joyga chiqib velisopedini pastlikka qarab haydashni boshladi. Bu tezlikka bardosh bera olmagan velisoped bir toshga urilib havoga uchdi. Kamol esa muvozanatini yo'qotib yerga juda yomon yiqildi. Kamol ko'zlarini kasalxonada ochdi, oyoqlari esa  bog'lab qo'yilgan edi. Mana oradan ikki hafta o'tibdiki ahvoli birozgina yaxshilangan edi.
   Husayin kasalxonadan ketgunigacha do'stini kayfiyatini ko'tarishga harakat qildi. Ziyorat soati tugagach yana kelishiga so'z berib chiqib ketdi. Kamol xonada yolg'iz o'zi qolgandi. Do'stlari, qarindoshlari ziyoratga kelganliklari uchun xursand edi, lekin baribir yuragi siqilayotgan edi. Biroz toza havoga chiqishni o'yladi. Doktorlar chiqishiga ruxsat berishgan edi. Kasalxona xodimini chaqirdi:
- G'ildirakli aravachamga o'tirmoqchiman. O'tirishimga yordamlashib yuborasizmi? deb so'radi.
- Albatta.
   Baquvvat kishi Kamolni ko'tarib aravachaga o'tqazdi va tashqariga olib chiqdi. Katta bir daraxting soyasi tushib turgan joyga olib borib qo'ydi. Kamol yon-atrofga qaradi. Bog'da ko'pgina daraxtlar, yashil o'tlar bor edi. Atrofda sayr qilib yurgan hastalar ham bor edi. Tashqariga chiqqaniga sevindi. Toza havodan chuqur-chuqur nafas oldi. Shu payt keksa bir ayol hassasiga tayanib Kamolning yoniga keldi.
- Men shu yerda salqin joyda o'tiray, biroz suhbatlashamiz.
Kamol:
- Yaxshi bo'lardi hola, men ham biroz zerikdim.
Keksa ayol Kamolning yuziga qarab :
- Hafa ko'rinyapsan. Nima bo'ldi? deb so'radi.
- Hamma do'stlarim ko'chada o'ynab yurishibdi. Men bo'lsam necha kundan beri kasalxonadaman. Ustiga ustak o'rnimdan ham tura olmayapman. Qanday qilib xursand bo'la olaman?
Keksa ayol tabassum qildi.
- Ahvoli sendan ham yomonlarni o'ylab ko'r. Sen bir necha haftadan keyin oyoqqa turib ketasan. Ammo umuman aravachasidan tura olmaydiganlar ham bor, o'zing ham bilasan.
- Ha, lekin ziyorat soati tugagani uchun do'stlarim ketib qolishdi.
- Yaxshi-ku, qara seni ko'rgani ziyoratchilar kelishibdi. Insonning sevilishi, hol-ahvol so'rovchilari bo'lgani qanday ham yaxshi.
- To'g'ri aytasiz.
- Barchamiz kasal bo'lishimiz mumkin. Har bir inson hayoti davomida qizamiq, grip, bronhit kabi kasalliklarga chalinishi mumkin. Yiqilib biror joyi sinishi ham mumkin. Barchamizni boshimizga bu kabi holatlar kelishi mumkin. Lekin Alloh, Shafiy ismi bilan shifoni ham beradi.
Kamol qiziqish bilan:
- Faqatgina insonlar kasal bo'lishadimi?
- Yo'q, hayvonlar ham kasal bo'lishadi. Xatto o'simliklar ham.
- Lekin insonlar ko'proq kasal bo'ladiganga o'xshaydi.
- Eh, chunki ko'p hollarda kasal bo'lishimizga o'zimizning xatolarimiz sabab bo'ladi.
Kamol boshini egdi.
-Ha, misol uchun men oyog'imning sinishiga sabab bo'ldim.
- Ana ko'rdingmi?! Ba'zi insonlar ehtiyojlaridan ko'p ovqat yeganlari uchun semirib ketadilar. Ichkilik ichib, tamaki chekishadi. O'zlari kasalliklarni chaqirib olishadi. Hayvonlar va o'simliklar Allohning amridan chiqmaganliklari uchun kasalliklarga kam chalinishadi. Masalan tamaki chekayotgan mushukni ko'rganmisan? Ichkilik ichayotgan bir qushni yoki og'irligidan yura olmayotgan jirafani tasavvur qila olasanmi?
Kamol kulib:
- Buvijonim doim "Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilsak ko'p kasalliklardan qutulamiz" deydilar. Masalan qornimiz ochmasdan ovqatlanmaslik, qornimiz to'ldirib ovqat yemaslik va tozalikka e'tibor berish kabilar.
- Albatta, tozalik iymondandir. Keyin jismoniy tarbiya bilan ham shug'ullanib turish kerak.
- Shunday bo'lsa ham kasallanishimiz mumkinmi?
- Ha, ammo Alloh Shafiy ismi bilan dunyo dorixonasida, yerda ko'pdan ko'p dori-darmon yaratgan. Bilasanmi, musulmon inson uchun sog'lik kabi kasallik ham foyda keltirishi mumkin.
- Qanday qilib?
- Og'riqlarga sabr qilsa savob oladi. Qilayotgan ibodatlari uchun ikki barobar savob qozonadi. Hamma uni ziyoratga kelib hol-ahvol so'raydi.  Uni xursand qilishga harakat qilishadi. Bunday paytlarda Allohning rahmatiga yana ham ko'proq erishadi. Duolari qabul qilinadi.
Kamol boshini qimirlatib ma'qulladi. U ham kasalxonada o'tkazgan kunlaridan xulosa chiqargan edi.
- Bilasizmi holajon, sog'lig'imning qadrini hozir yana ham ko'proq his qildim. Oyoqqa turgach vaqtimni yaxshi ishlar bilan o'tkazaman. Masalan, maqtanish uchun unday tahlikali ishlarni qilmayman. Kasallarga, nogironlarga yana ham ko'proq yordam berishga harakat qilaman. Chunki hozir ularni ahvollarini tushunaman.
Keksa ayol Kamolga qarab:
- Barakalla, bolajonim. Bu narsalarni o'ylashing ham juda yaxshi ish. Shuni ham aytay, inson shunday oyoqqa tura olmaydigan paytlarda kuchsizligini va ojizligini yana ham yaxshiroq his qiladi. Allohning marhamatiga, qudratiga sig'inadi. Yaxshi bir musulmon bo'lishga harakat qiladi.
Kamol tabassum bilan:
- Qanday ajoyib, sog'ligimiz uchun shukr qilib savob olamiz. Kasal bo'lganimizda sabr qilib yana savob olamiz. Ikki holatimizda ham foyda bor demoqchisiz, shundaymi?
   Keksa ayol kuldi. Kamolning kayfiyati joyiga tushayotgan edi. Bu keksa ayol bilan bo'lgan suhbat unga foyda bergandi. Endi u hayotidan xursand edi.

ALLOH "HAFIZ"DIR
   Kamol va Nurbek aka-uka edilar. Har doimgidek bu yozni ham buvalarining uyida o'tkazishmoqchi edi. Uch oy bu yerda qolishlari uchun juda xursand edilar. Buvalarini va qishloq hayotini yaxshi ko'rar edilar. Yam-yashil qirlar, o'rmonlar bilan o'ralgan qishloq xushmanzara edi. Har tarafda qo'zichoqlar, qo'ylar o'tlardi, rang-barang gullar ochilgan edi.
Buvalari ertasi kuni  ularni yoniga chaqirdi:
- Sizlarga bir savolim bor bolalar, ko'raylik-chi kim javob bera oladi?
Bolalarning qiziqishi ortdi.
- Qani toping-chi, qo'limni ichida nima bor?
Bolalar buvasining qo'liga diqqat bilan qarashdi. Biroz o'ylab olgach taxminlarini aytishdi:
- Haa, o'yinchoq.
- Yo'q.
- Qo'ng'iz.
- Yo'q, kattaroq narsa.
- Xo'rozqand.
- Yo'q.
- Bilmaymiz buva, o'ziz aytaqoling.
Buvalari kulimsirab:
- Bir bog', dedi.
Bolalar hayrob bo'lib:
- Bog'mi?
- Ammo, katta bog' qanday qilib qo'lingizga sig'adi?
Buvalari qo'lini ochib javob berdi:
- Alloh istasa sig'diradi.
Buvalarining qo'lida kichik-kichik urug'lar bor edi. Kamol bir donasini qo'liga olib diqqat bilan qaradi.
Buvasi:
- Qara, qo'lingdagi pomidor urug'i.
Nurbek ham boshqasini olib ko'rdi.
- Bunisi bodring urug'i.
Urug'larning hammasi bir-biriga o'xshar edi. Buvalari o'rnidan turib:
- Qani endi ishimizni boshlaymiz, dedi.
Birgalikda uyning oldidagi yerni biroz yumshatishdi. Urug'larni birma-bir joylashdi. Tuproq bilan ustini yopib, suv bilan sug'orishdi. Nurbek:
- Endi nima qilamiz?
  Buvasi:
- Kutamiz, deb javob berdi.
Oradan bir necha kun o'tdi. Kamol bilan Nurbek har kuni urug' ekilgan joylarni diqqat bilan kuzatishardi. Nurbek bir kuni saharda uyg'onib tashqariga chiqdi. Ekinni ko'rar-ko'rmas sevingancha:
- Yashasin! Yashasin! Buvajon qarang!
Buvasi bilan Kamol oynadan tashqariga qarab:
- Nima bo'ldi?
- Tezroq bu yerga keling.
Darrov tashqariga chiqishdi. Nurbek ekinning oldida sevinganicha sakrayotgan edi.
- Qarang, qarang!
Ekilgan urug'lar yorilib, novdasi o'sib chiqa boshlagan edi. Bu manzarani ko'rib Kamol bilan Nurbek hayajonlanishdi.
   Oradan kun o'tgan sayin novdalarning bo'yi o'sib kattalashmoqda edi. Avval kichik-kichik barglar chiqarishdi. Barglari katta bo'lgach, boshqalari o'sib chiqdi. Novdalarning oldiga joylashtirilgan ch'oplarga tirmashib o'sa boshlashdi. Keyin gullari ochildi. Nihoyat gullardan nohot, loviya, pomidor, qalampir va bodring paydo bo'la boshladi. Kichkinagina bodring, baqlajonlar kattalashdi, pomidorlar qip-qizil rangga kirdi.
   Yoz faslining oxiri kelganida bir necha kilogram sabzavotlar terib olishlarini kutayotgan edi. Bir kuni tongda bog'ni aylanib yurgan Nurbek, ularning avvalgi holatlarini esladi:
- Buvajon, bog'imiz avval bir hovuch urug' edi, endi qarang hozir qanchalik ko'p!
- Ha, bolajonim. Sen bu manzaradan nimani o'rganding ayt-chi?
- Ooo, ko'p narsa o'rgandim. Alloh yeyishimiz uchun shuncha ne'matni yo'qdan bor qilmoqda. Bizga muhabbatini ko'rsatmoqda, shunday emasmi?
- Albatta, bolajonim. Ammo bilishimiz kerak bo'lgan boshqa narsalar ham bor. Alloh Hafizdir, saqlaguvchidir. Buni bilishimiz kerak. Kichkinagina urug'ning ichiga shuncha mevani sig'dirib muhofaza qilganini ko'rib turibmiz. Ulkan daraxtlarni, novdalarning "ishlab chiqarish amaliyoti"ni mittigina urug' ichiga joylashtirgan Alloh Hafizdir.
Kamol bir pomidorni qo'liga olib:
- Buvajon, mevalarning po'stini archib qo'ysak bir zumda aynib qoladi. Demak Alloh, Hafiz ismi bilan mevalarning po'stlog'ini ham yaratib ularni muhofaza qiladi.
Shu payt yonlaridan o'tib ketayotgan toshbaqani ko'rib qolishdi. Toshbaqa qo'rqib toshining ichiga yashirinib oldi. Nurbek:
- Buva qarang, toshbaqa!
Kamol engashib toshbaqaga diqqat bilan qaradi.
- Buvajon, Alloh toshbaqa o'zini tahlikalardan saqlashi uchun toshdan bir uy ichida yaratgan, to'g'rimi?
- Ha, bolajonim. Alloh Hafiz ismi bilan hammamizni, hamma narsani tahlikalardan saqlaydi. Arilarga nayza, qo'ylarga po'stin, tuxumlarga po'stloq berishi ham Allohning Hafiz ismidandir.
Nurbek qiziqish bilan:
- Inson-chi? Uni ham Alloh shunday himoya qiladimi?
- Albatta, qara terimiz tanamizni o'rab turibdi. Ustimizda kiyimimiz, uylarimiz bor. Alloh Hafiz ismi bilan bularning barchasini bizga bergan. Kamol:
- Buvajon, sizning uyingizninga tepasida ham "Hafiz Alloh" deb yozilgan ekan.
- Ha, bu eski odatlarimizdan qolgan. Alloh shu uyni saqlasin deb shunday yozib qo'yilgan. Buvalari biroz dam olgach davom etti:
- Bolalar ma'naviy  kirlardan, ya'ni gunohlardan ham saqlanishimiz kerak. Qalbimizni ham gunohlardan, kirlardan uzoq tutishimiz kerak. Shuning uchun doim Allohga duo qilib, bizlarni asrashini so'rashimiz kerak.
Nurbek:
- Masalan shaytonning yomonliklaridan Allohga sig'inganimiz kabimi?
- Ha, har xil yomonliklardan, qiyinchiliklardan va kasalliklardan Allohning hifziga, ya'ni panohiga sig'inamiz.
Nurbek yana ekinlarga qarab:
- Buvajon bu ekinlarni ekkanimiz, sug'organimiz uchun ham savob yoziladimi?
- InshaAlloh, bolajonim. Mehnatimiz uchun savob yoziladi. Alloh Hafiz ismi ila amallarimizni, qilgan ishlarimizni yozib saqlab qo'yadi. Har bir ishimiz, gapimiz yozilib turadi.
Kamol davom ettirdi:
- Keyin oxiratda iymon keltirganlarga va yaxshilik qilganlarga mukofotlar beriladi. Yomonlik qilganlarga jazo beriladi.
Nurbek:
- Unday bo'lsa, buvajon biz faqat yaxshilik qilamiz. Men Jannatga borishni istayman.
Buvasi kulib:
- InshaAlloh bolajonim, Jannat bog'larida ham birgalikda sayr qilamiz.
   Keyin pomidor, bodring, qalampir terib salat tayyorladilar. Baqlajon va loviyadan esa ovqat
pishirishdi. Qo'shnilarni ham chaqirib bog'da mehmon qilishdi. Haqiqatdan ham buva va nabiralari birgalikda  maroqli yoz faslini o'tkazmoqda edilar.

    ALLOH "ADL"DIR
- O'g'lim bu nima? Men sendan uch kilogram pomidor olib kelishingni so'ragandim. Bu xaltadagi ikki kilogram chiqadi.
- Oyijon, lekin sotuvchi amaki torozuda tortib berdi.
- Tushunmadim, bu qanday ish bo'ldi?
   Ahmadning onasi unga bozordan uch kilogram pomidor olib kelishini aytgandi. Ahmad onasining aytganidek bozordan uch kilogram pomidor olib keldi. Ammo onasi uch kilogramdan kamligini ko'rib hayron bo'ldi. Birozdan so'ng dadasi ham ishdan uyga qaytdi. Uydagi holatni ko'rgach:
- Tinchlikmi, nima bo'ldi?
- Dadasi, bu ishda bir gap bor. Siz ham bir qarang.
    Dadasi ham bu holatdan shubhalandi. Garajdan torozuni olib chiqdi. Pomidorlarni qaytadan tortib ko'rishdi. Haqiqatdan ham pomidorlar uch emas, ikki kilogram edi. Dadasining jahli chiqdi. Ahmadga tezda poyafzalini kiyishni buyurdi va pomidor solingan haltani qo'liga oldi.
- Qani yuraqol o'g'lim, bularni qayerdan xarid qilgan bo'lsang menga o'sha yerni ko'rsat.
   Ahmad bilan dadasi bozorga borishdi. Biroz aylanib o'sha sotuvchini topishdi. Sotuvchi haligacha pomidor sotayotgan edi. Ahmadning dadasi:
- Kechirasiz, mana bu pomidorlarni qaytadan tortib bera olasizmi?
Sotuvchi o'zini bilmaslikka olib:
- Aka, biz savdoga hiyla aralashtirmaymiz. Mana ko'ring!
   Torozu haqiqatdan ham uch kilogram ko'rsatmoqda edi. Ahmadning dadasi pomidorlarni yon tarafdagi sotuvchidan ham tortib berishini iltimos qildi. U yerdagi torozu pomidorlarni ikki kilogram ko'rsatardi. Bu orada atrofda odamlar yig'ila boshlashdi. Bozorda aylanib yurgan militsiya xodimi odamlar to'plangan joyga yetib keldi. Nimalar bo'layotganini so'rab-surishtirdi. Ahmadning dadasi bo'lgan voqeani aytib berdi.
   Militsiya xodimi torozuni tekshirib ko'rdi. Torozu ataylab bir kilogram ko'p ko'rsatadigan qilib o'zgartirilgan edi. Darrov hiylagar sotuvchiga jarima soldi va Ahmadlarning pulini qaytarib olib berdi.
Bo'lib o'tgan voqeadan keyin ota-o'g'il uyga qaytishdi. Yo'l-yo'lakay suhbatlashib ketishdi.
- Dadajon, biror narsani torozuda noto'gri o'lchab berish juda ham yomon ish, to'g'rimi?
- Ha, o'g'lim. Afsuski durust sotuvchilar bo'lganidek yolg'onchilari ham bor. E'tiborsizlik qilmasligimiz kerak.
- Allah yolg'on gapirmasligimizni va adolatli bo'lishimizni buyurgan, to'g'rimi?
- Ha, o'g'lim. Uning ismlaridan biri ham "Adl"dir. Koinotda ko'rib turganimiz borliqlarning muvozanatli, o'lchovli qilib yaratilishi ham Allohning Adl ismining natijasidir.
- Tushunmadim dadajon.
- Misol uchun bir chivinga burgut qanotini o'rnatib qo'yilganini, yoki bir chumoliga yurishi uchun ayiqning oyoqlarini berilganini ko'rganmisan?
Ahmad kulib:
- Yo'q, unday bo'lganda ularga juda qiyin bo'lar edi.
- Ha, Alloh har bir yaratgan jonzotlariga ular uchun eng kerakli, qulay tanani bergan. O'ylab ko'r-chi, qo'llarimizning uzunligi uch metr bo'lsa nima bo'lar edi? Yoki quloqlarimiz filning qulog'i qadar katta bo'lsa, biz ularni ko'tara olmas edik. Ko'rib turganingdek bunga misollar juda ko'p.
- Yodimga o'tgan yil bahordagi terak daraxtining urug'lari keldi. Havoda milyonlarcha urug' uchib yurgan edi. Hammayoq oppoq rangga burkangan edi. Agar o'sha urug'larning hammasidan terak daraxti o'sib chiqqanida, yon-atrof teraklar bilan to'lib toshardi. Boshqa daraxtlarga joy qolmas edi. Unday bo'lganida balki biz ham yashay olmas edik.
- Dengizlarda ham birgina baliq milyonlarcha tuxum qo'yishini bilasanmi? O'sha urug'lar bilan oziqlanadigan jonzotlar yaratilmaganida, dengizlarga baliqlar sig'may qolar edi.
Ahmad boshini qimirlatib dadasining gaplarini ma'qulladi.
- Boshqa narsalarda ham o'lchovli holat bor. Agar yer shari hozirgidan tezroq aylanganida bizlar osmonga otilib ketgan bo'lar edik. Aksincha biroz sekin aylanganida borib quyoshga urilar edik. Lekin, qanday bo'lishi kerak bo'lsa shunday tezlikda aylanib turibdi.
- Alloh hamma narsalarni mukammal intizom va o'lchovlik qilib yaratadi. Bularning barchasi Allohning Adl ismining natijasi, to'g'rimi?
- Ha, Ahmad. biz insonlar ham "Adolatli bo'ling, zulm qilmang, isrof etmang, tarozuni to'g'ri torting" kabi amrlarga bo'ysunishimiz kerak. Unday qilmasak o'zimizga zarar keltiramiz. Biroz avval ko'rganingdek hammani oldida sharmanda bo'lamiz va gunoh ish qilgan bo'lamiz.
Ahmad o'ylanib qoldi:
- Dadajon, albatta Alloh Adldir. Ba'zan zulm ko'rganlarni, haqlarini zolimlardan ololmaganlarga ham guvoh bo'lamiz. Alloh Adl ekan, ba'zan nima uchun adolat qilinmaydi?
Dadasi tabassum qilib:
- Chunki Oxirat bor o'g'lim. Insonlardan dunyoda iymon keltirib yaxshi ishlarni qilganlar Jannat bilan mukofotlanadilar. Yomon insonlar dunyoda tavba qilib, o'zlarini isloh qilmasalar Jahannam bilan jazolanadilar. Ya'ni Oxiratning, Jannat va Jahannamning borligi ham Allohning Adl ismining natijasidir.
- InshaAlloh o'sha sotuvchi ham, qilgan ishining yomon ishligini tushunib tavba qiladi.
- InshaAlloh o'g'lim. Biz barchaga yaxshilik tilaymiz va haqlariga duo qilamiz.
Ota-o'g'il uylariga yetib kelishdi. Qilingan xato ishni tuzatish va insonlarni aldanishini oldini olishning quvonchini his qilayotgan edilar.

ALLOH "FATTOH"DIR
   Maryam hayvonlarni, ayniqsa jo'jalarni juda yaxshi ko'rar edi. Bozorda ham kichik qutilarda jo'jalar sotilardi. Onasiga yalinib-yolvorishiga qaramay, unga bir dona jo'ja ham olib berishmadi. Qanday yumshoq, shiringina jo'jalar edi. Ularni qo'liga olishni, don berib katta qilishni juda ham istar edi.
   Onasi jo'ja boqish uchun hovlilik uy kerakligini aytgandi. Ko'p qavatli uylarda bu ishni qilish qulay emas edi.  Maryam onasining gaplarini tushunsa ham, jo'jalarni har ko'rganida ulardan voz kechgisi kelmas edi. Bir kuni Maryam kitobida jo'jalarning tovuqlarning tuxumidan chiqishini o'qidi. Jo'jalar yigirma bir kundan keyin tuxumdan ochib chiqishar ekan. Maryam o'qiganlarini tushungach sevinchdan ko'zlari porladi:
- Tuxumdan chiqadi, shundaymi? Bu juda oson-ku!
   Maryamning onasi har kuni nonushtaga qaynatilgan tuxum berar edi. Bir kuni Maryam ikkita qaynatilgan tuxumni yashirincha olib xonasiga olib kirdi. Tuxumlarni yostig'ining ostiga qo'ydi. "Bu joy, tovuqlardan ham yumshoqroq" deb o'ylayotgan edi. Pishgan tuxumlardan jo'ja ochib chiqishini bilmas edi. O'sha kundan boshlab Maryam tuxumlarni tez-tez tekshirib turdi. Har kuni qo'liga olib ichidan jo'ja chiqishini sabrsizlik bilan kutdi. Ularga ism ham o'ylab qo'ydi. Biriga "Jik jik", ikkinchisiga "Juk juk" deb ism qo'ydi. Hayolida ular bilan o'ynar, yumshoqqina tuklarini silar, quchoqlab o'par edi. Qani endi yigirma bir kun tezroq o'tsa edi...
   Bir kuni Maryam ko'chada o'ynayotgan edi. Onasi choyshablarini almashtirish uchun xonasiga kirdi. Yostig'ini ko'tarib tagidagi tuxumlarni ko'rib hayron bo'ldi.
- Tavba, nima bular? Axir bular tuxum-ku!
Biroz o'tib hamma narsani tushunib oldi. O'zini kulishdan to'xtatolmadi. Uni eshitgan turmush o'rtog'i ichkaridan:
- Tinchlikmi, nima bo'ldi?
- Nima ham bo'lardi, qizimizni qilgan ishini bir ko'rsangiz-chi!
Tuxumlarni yostig'ining tagiga qo'yganini ko'rib dadasi ham kulishni boshladi. Birozdan keyin:
- Kel, Maryamga bir hazil qilamiz.
- Qanday hazil?
- Ikkita jo'ja olib xonasiga qo'yamiz.
- Lekin ularni uyda boqolmaymiz.
- Qo'yaver, Maryam bir-ikki kun o'ynasin, keyin bir chorasini qilamiz.
  O'sha kuni Maryamning dadasi bozordan ikkita jo'ja olib kelib xonasiga qo'yib qo'ydi. Bo'lgan voqeadan xabarsiz bo'lgan Maryam, uyga kelib xonasiga kirganida sevinchdan chinqirib yubordi:
- Allohim! Yashasin! Jo'jalarim ochib chiqishibdi.
   Ota-onasi eshik orasidan qizlarini tamosha qilayotgan edilar. Maryamning hayajoni bosilgach, bo'lgan voqeani aytib berishdi. Jo'jalar bilan bir necha kun o'ynashini va keyin uyda boqa olmasliklarini aytishdi. Maryam mazza qilib jo'jalar bilan o'ynadi. Oradan bir necha kun o'tdi. Maryamning dadasi jo'jalarni olib mahallaning pastki qismida yashaydigan Yusuf tog'aning uyiga olib bordi. Yusuf tog'aning hovlisi bor edi, ayniqsa parrandalari ham bor edi.
   Yusuf tog'a ularni xursandchilik bilan qarshi oldi. Hovlida daraxtlarning tagiga o'tirishdi. Yusuf tog'a ularni hovlisidagi mevalar bilan mehmon qildi. Suhbatlashib o'tirganlarida Yusuf tog'a Maryamning hafaligini ko'rib unga tasalli berdi:
- Istagan payting kelib jo'jalaring bilan o'ynashing mumkin. Boshqa hayvonlarni ham boqishing mumkin.
Maryam bu xushxabarni eshitib xursand bo'ldi:
- Rostdanmi Yusuf tog'a?
- Albatta, rost. Menga ham yordamlashib yuborar eding. Avval dadangdan ruxsat olishimiz kerak.
Dadasi rozi bo'ldi. Keyin:
- O'zing yaxshi bilasan qizim, tovuqlar hovlida yashashni yaxshi ko'rishadi, ham bu ular uchun yaxshiroq.
Maryam dadasining gaplarini diqqat bilan eshitdi. Biroz o'ylanib:
- Yusuf tog'a, tuxumdan jo'ja qanday chiqadi? Tuxum faqatgina oqi va sarig'idan iborat. Qanday qilib jo'ja tuxumdan go'sht, qon va tukli bo'lib chiqadi?
Yusuf tog'a kuldi.
- Allohning hayot ato qilishi bilan albatta. Qara, barcha borliqlar ham shunday. Alloh Fattoh ismi bilan tuxumdan jo'ja chiqaradi. Boshqa tuxumlardan boshqa turdagi qushlar chiqaradi.
- Lekin hamma tuxumlar bir xilga o'xshaydi-ku.
- Ha, shunday. Faqat Alloh har biridan boshqa boshqa jonzot chiqaradi. Laylak, musicha, kabutar, tuya qushi, tovuq kabi qushlar tuxumdan chiqadi. Xatto, Alloh tuxumdan ilon, timsoh, toshbaqa kabi jonzotlarni ham chiqaradi.
Maryamning dadasi:
- Bu hali hammasi emas. Mana tovoqdagi biz yegan mevalarning danaklariga qara.
Maryam qoshlarini ko'tarib:
- Hammasi bir-biriga o'xshaydi.
Dadasi davom etdi:
- Alloh Fattoh ismi bilan o'rik, anjir, gilos, olmalarni ham urug'lardan  chiqaradi.
Yusuf tog'a qip-qizil pishgan giloslarni ko'rsatib:
- Bundan yigirma yil avval bu daraxt yo'q edi. Yegan gilosimning danagini yerga ekib qo'ygan edim. Alloh o'sha danakdan shu daraxtni chiqardi.
Maryam daraxtga qarab:
- Har bir shoxida minglarcha gilos borga o'xshaydi, dedi.
- Ha, agar har yilgi mevalarini hisoblasak tonnalarcha meva bo'ladi.
Maryam tabassum qildi.
- Birgina gilos danagidan shuncha meva chiqqan, shundaymi?
Dadasi:
- Barcha daraxt va o'simliklar shunday yaratilganlar. Qishda atrofimizda qurib qolgan shoxlardan boshqa narsa topolmaymiz. Ammo bahor fasli kelganda, bir vaqtda barcha urug'lar, danaklar yorib chiqadi. Ulardan turli xilda o'simliklar o'sadi.
Maryam dadasiga o'girilib:
- Alloh Fattoh ismi bilan danaklarni, urug'larni ochadi, to'g'rimi?
- Ha, qizim.
- Keyin o'sha mevalarni biz yeymiz, qanday yaxshi.
    Maryam suhbat orasida jo'jalarini tamosha qilayotgandi. Mittigina jo'jachalar o'zlariga do'stlar topib yashilliklar orasida aylanib yurishgandi. Holatlaridan xursand edilar. Maryamning hayoliga bir narsa keldi:
- Dadajon.
- Labbay qizim.
- Alloh birgina gilos danagidan katta daraxt chiqaradi. Daraxtdan esa minglarcha gilos chiqaradi.
- Ha shunday.
- Unday bo'lsa mening jo'jalarim katta bo'lib tovuq bo'lishganida, Alloh har biridan yuzlarcha tuxum chiqarsa, keyin ulardan tovuqlar yana tuxumlar...
- Keyin-chi?
- Unda kelajakda jo'ja fermasini qursam bo'larkan.
Yusuf tog'a bilan Maryamning dadasi uning gaplarini eshitib kulib yuborishdi. Maryam esa minglarcha jo'jalar orasida ular bilan o'ynayotgani haqida hayol surishni boshlagan edi.

ALLOH "JAMIYL"DIR
    Soliha oilasi bilan tog' bag'ridagi uyda yashardi. Bu yerlar xushmanzara joylar edi. Har tarafda apelsin bog'lari bor edi. Shalolalar, irmoqlar jivir-jivir oqardi. Ayniqsa tog'larning manzarasiga qarab to'yib bo'lmas edi. Kun chiqishi, kun botishi paytida har taraf ajoyib tusga kirar edi. Yon-atrofda qushlarning sayrashini, turli rangda ochilib turgan gullarni ko'rgan insonning kayfiyati ko'tarilar edi.
   Solihalarning oilasi gulchilik bilan shug'ullanardi. Soliha bog'da shirin hidlar taratgan moychechaklar, gullar, lolalar orasida juda baxtiyor edi. Gul bog'i Solihaning dadasiniki edi. Soliha bo'sh vaqtlarida dadasiga yordam berishni yaxshi ko'rar edi. Pushti rangdagi gulni qo'li bilan siypalar ekan:
- Oh, qanday chiroyli! deya tabassum qildi.
Ko'zlari porladi:
- Bunchalik asalsizlar...
   Keyin egilib gulga yaqinlashdi. Uning hidini ich-ichigacha his qildi. Gulning jozibasiga mast bo'lgancha unga qarab qoldi. Soliha haqiqatdan ham gullarni juda yaxshi ko'rar edi. Kelajakda o'zi ham dadasi kabi gulchilik bilan shug'ullanishni istar edi.
Ko'zlari to'satdan nariroqdagi atirgulga tushdi. Atirgulning barglari sarg'ayib so'lishni boshlagan edi.
- Himm!... deb biroz o'ylandi. Tuprog'iga biroz o'g'it qo'ysak yaxshi bo'ladi.
   Dadasidan gullarga qarab nimaga ehtiyojlari borligini o'rganib olgan edi. O'g'itlar turgan joyga ketayotganida onasining ovozi eshitildi. Onasi bog'ning yonidagi uylarining oynasidan Solihani chaqirayotgan edi:
- Qizim, bu yoqqa kel.
- Xo'p bo'ladi oyijon, kelyapman.
Katta qadamlar tashlab bog'dan yugurib chiqdi. Chiqayotib fartugini ham olib chiqdi.
Kelganida onasi uylarining hovlisida gullarning savatlarini yasayotgan edi.
- Qani, qizim yordamlashib yubor. Tezroq ishimizni bitiraylik.
   Soliha onasi bilan gullarni dastalab, savatlarga qo'ya boshladi. Bu ishni ehtiyotkorlik bilan qilish kerak edi. Chunki gullarning nozik barglari tezda zarar ko'rishi mumkin edi. Ikki soat ichida ishlarini bitirishdi. Kech tushgach Solihaning dadasi uyga qaytdi. Yuzida har doimgidan ko'proq xursandchilik ko'rinib turardi. Onasi sababini so'raganida:
- Bir savdogar bilan kelishib oldim. Qo'limizdagi barcha gullarni o'tgan yilgi narxdan yaxshiroq narxga sotib olmoqchi.
Soliha:
- Ah, qanday yaxshi! deb qarsak chaldi. Onasi ham xursand edi.
- Anchadan beri  bog'imizni kengaytirishni  niyat qilyotgan edik. Niyatimiz bu bu yil amalga oshadi, shundaymi?
- Nasib, shunday qilsak yana ham ko'p gul eka olamiz. Balki yordam uchun bir-ikki ishchi ham olishimiz mumkin.
Kechki ovqatni shirin orzular bilan yeyishni boshlashdi. Shu payt radyoda taxminiy  ob-havo haqida gapirildi. Metreologiyaga ko'ra ular yashaydigan hududga katta bo'ron kelayotgan edi.
Solihaning onasi:
- Qo'rqiladigan holat eas, ozgina yomg'ir yog'adi-yu o'tib ketadi, dedi.
Shunda ham oilaviy hammalari havotir ichida edilar.
    Oradan ikki kun o'tdi. Ertalabdan osmon qora bulutlar bilan to'ldi. Keyin yirik-yirik do'l bilan birgalikda yomg'ir yog'a boshladi. Qisqa vaqt ichida hammayoq momoqaldiroq gumburlashi va shamolda daraxtlarning sinayotgan ovozidan ostin-ustun bo'ldi.  Metreologiyaning taxmini to'g'ri edi. Shiddatli bo'ron boshlangandi.
    O'sha kecha Solihalarning oilasi tepalikdagi buvasining uyida jon saqlayotgan edilar. Tunni shu yerda o'tkazdilar. Ertasi kuni yomg'ir tingach, hech narsa bo'lmagandek osmonda quyosh nur socha boshladi. Soliha oilasi bilan o'z uyiga qaytib keldi. Uylarining tomi buzilib, oynalari singan edi. Shunday bo'lsa-da, kichik ta'mirdan so'ng eski holatiga keltirish mumkin edi. Ammo, bog'... Bog'dan deyarli hech narsa qolmagan edi. Atrofi vayronaga aylangan edi.
    Bu holatni ko'rgan Soliha bardosh berolmay yig'lashni boshladi. Dadasi bilan buvasi bekor turishdan foyda yo'qligini anglab darhol ishga kirishishdi. Bir necha kundan so'ng bog'da qaytadan ekinlarni ekilishni boshlab yuborishdi. Ishlar oson bo'lmasa-da, qo'ni-qo'shni birgalashib bog'ni  yangidan barpo qildilar. Oradan ikki oy o'tib bog' avvalgi holatiga qaytdi. Ancha mehnat qilib charchagan edilar.
   Bir kuni tongda Soliha buvasi bilan bog'da aylanib yurgan edi. Nevarasining o'ylanib turganini ko'rgan buvasi:
- Qizim nimalarni o'ylayapsan?
- Buvajon hamma narsa avvalgidek holatiga qaytdi.
- Ha, bolajonim.
- Bo'rondan keyin bog'da hech narsa qolmagan edi. Men endi hech qachon avvalgidek bo'lmaydi deb o'lgan gullarim uchun juda xafa bo'lgandim. Hozir bo'lsa, hammasi judayam chiroyli, bu gullarni ham yaxshi ko'raman.
- Bolajonim, Alloh "Jamiyl' ismi bilan gullarni chiroyli qilib yaratadi. Bu ko'rinib turgan go'zallik aslida gullarniki emas. Allohning Jamiyl ismining oynasidir. Gullarimiz so'lib qolgan bo'lsalar ham, hozirgi gullar avvalgilardan qolishmaydi, shunday emasmi?
- Ha, to'g'ri.
- Xuddi qo'limizdagi oyna bilan quyoshga qaralganga o'xshaydi. Qo'limizdagi oyna sinsa ham, quyoshga buning zarari yo'q. Yangi oyna olib quyoshning nurini ko'rsak bo'ladi.
Soliha buvasining nima demoqchi bo'lganini tushundi.  Ko'zlarida quvonch bilan:
- Bog'imiz vayron bo'lganida nima uchun yig'lamaganingizni endi tushundim. Robbimiz qaytadan gullarni yarata olishini bilar edingiz-a?
- Albatta, qizim. Onalarning husni, bolalarning chiroyi, Jannatning va Xazrati Muhammad sallollohu alayhi vasallamning jamoli Allohning Jamiyl ismi ila yaratishidandir.
- Qanday yaxshi!
Soliha birozdan so'ng:
- Buvajon, bo'ronning ham go'zalligi bormi?
- Xo'sh, bo'ron bo'layotganida nimalar qildik, qani bir o'ylab ko'r-chi?
- Duo qildik, Allohdan panoh so'radik. Robbimizdan bizni asrashini so'radik.
- Bu ham bir go'zallik. Bu ishimiz inshaAlloh bizni Jannatga olib boradi. Robbimizni roziligiga erishadigan ish qildik, yana nimalar qildik?
Soliha biroz o'ylanib:
- Ko'p mehnat qildik, bog'imizni yangidan barpo qildik.
- Bu ham bir go'zallik. Alloh bizga kuch-quvvat berdiki mehnat qila oldik. Alloh bog'imizni yana gullar bilan to'ldirdi. Yana-chi?
- Oilamiz, qo'shnilarimiz hamdardlik bilan yordamlashishdi.
- Bunda ham go'zallik bor. Qo'ni-qo'shni, butun insonlar bir-birimizga dastak bo'ldik.
Soliha qoshlarini yuqori ko'tarib:
- Men hech ham bunday deb o'ylamagan edim, buvajon. Unday bo'lsa, bu natijalari bilan bo'ronda ham go'zallik bor ekan.
- Ha, bolajonim. Har bir narsa o'zi go'zal, yoki uning natijasi go'zaldir. Barcha go'zalliklar Allohning Jamiyl ismi bilan yaratishidandir.
- Buvajon xunuk narsa yo'qmi?
- Bor, qizalog'im. Gunohlar, haromlar, yomonliklar xunukdir. Shaytonning istaklari ham xunukdir. Alloh bizni ulardan asrasin.
- Buvajon biz doim go'zal yashaylik,xo'pmi?
Buvasi tabassum qildi. Rang-barang shirin hidlar taratib turgan bog'da buva va nevara quchoqlashdilar.

ALLOH "HAKIM'DIR

- Qizim, axlat qutisini yana qog'oz bilan to'ldirdingmi?
- Nima qilay oyi, chiroyli yozolmayapman.
   Onasi egilib axlat qutisidan g'ijimlangan qog'ozlardan birini oldi. Qog'ozni ochib orqa-oldiga qaradi. Yuzidan jahli chiqayotgani ko'rinib turardi:
- Qizim, bu qog'ozga bittagina so'z yozib axlatga tashlabsan.
- Ha, nima qilibdi tashlasam?
- O'chirg'ichda o'chirib qaytadan yozsang ham bo'lardi.
- Baribir izi qoladi, menga yoqmaydi.
  Onasi qiziga qilgan nasihatlarini ta'sir qilmayotganini o'yladi. Feruza nafaqat qog'ozlarni, boshqa narsalarni ham doim isrof qilar edi. Qalamlarini e'tiborsizlik bilan ochardi, bo'yoqlarini ham yarmiga kelmasdan axlatga uloqtirardi va o'yinchoqlarini ehtiyotkorlik bilan o'ynamas edi.
   Onasi Feruzaning bu ishlari uchun o'zini va turmush o'rtog'ini sababchi deb bilar edi. Kechga yaqin Feruzaning dadasi kelganida:
- Dadasi, koshki qizimizni bunday tarbiyalamasak edi...
- Nima uchun unday deyapsan?
- Yolg'iz farzandimiz deb erkalatib yubordik. Istaganini olib berdik. Narsalarini qadrlashni o'rgatmadik.
Feruzaning dadasi ham anchadan beri shu haqda o'ylab yurgandi.
- To'g'ri aytasan, Feruzaga tushuntirish yo'lini topishimiz kerak. Bir fikrim bor, sen nima deysan?
- Qanday fikr, aytaqoling.
-Uni ikki haftaga Fotima xolaning uyiga jo'natsakmi, deyman. Yaxshi bilasan, Fotima xola turmush o'rtog'i vafot etgach uyimizning orqasidagi binoga ko'chib o'tgan. Feruzaning yoshida qizi ham bor. Do'stlashib olishadi. Boshqalarning qanday yashayotganini ko'rsa yaxshi bo'lar edi.
- Ha, yaxshi fikr. Fotima xola tejamkor va yordamsevar ayol. Bolalarni ham juda yaxshi ko'radi.
- Unday bo'lsa ertaga Fotima xola bilan gaplash, niyatimizni ayt. Ishonchim komil, albatta yordam beradi.
Onasi biroz o'ylanib:
- Mayli gaplashib ko'raman, Feruzaga baribir gaplarimiz ta'sir qilmayapti, yaxshi bo'ladi.
   Ertasi kuni Feruzaning onasi Fotima xola bilan gaplashdi. Niyatini aytdi. Fotima xola ularning iltimosini mamnuniyat bilan qabul qildi.
  Ota-onasi Feruzani Fotima xolalarnikiga tashlab o'zlari ikki haftaga safarga ketishdi. Feruza bundan xursand emas edi. Fotima xolaning uyiga kirganida biroz g'ashi keldi. Uy jihozlarini juda eski deb o'ylayotgan edi. Uydagilar hamma narsadan ehtiyotkorlik bilan foydalanishar, xatto suvni ham to'kib-sochmay ichishar edi. Feruza Fotima xolaning qizi Aynur bilan do'stlashib oldi. Bir-ikki kundan keyin Feruza Aynurdan:
- Nima uchun siz hamma narsadan tejamkorlik bilan foydalanasiz? deb so'radi.
- Nima demoqchisan, tushunmadim.
- Uyda, xonadan chiqishda doim chiroqni o'chirasizlar. Ovqat yeyotganingizda idishingizda ovqatni orttitib qoldirmaysizlar. Ko'ylaklaringiz va poyafzallaringiz eskirganda yangisini olish o'rniga, ularni tikib-chatib kiyaverasizlar.
Aynur tabassum qildi. Feruza gapirishda davom etdi:
- Kambag'al bo'lganingiz uchun shunday qilasizlarmi?
- Yo'q, biz kambag'al emasmiz. Aksincha bizga dadamdan juda ko'p meros qolgan.
- Unday bo'lsa nima uchun hamma narsani tejab ishlatasiz?
- Bu yerga kel, senga bir narsa ko'rsataman.
   Aynur, Feruzaning qo'lidan ushlab eshigi qulf bir xonaning oldiga olib bordi. Xonaning eshigini ochishganida Feruza ko'rganlariga ishonmayotgan edi. Ichkarida juda ko'p xaltalar bor edi. Ba'zilari guruch, shakar, sovun bilan to'la edi. Ba'zilarida esa kiyim-kechaklar bor edi. Feruza Aylinga hayron bo'lib qaradi. Aylin tabassum bilan:
- Ko'rdingmi, bular yordam uchun to'plangan narsalar. Har hafta oxiri bularni kambag'allarga tarqatamiz.
- Shuncha narsani kim yig'adi, sizlarmi?
- Ha, albatta. Ba'zilarini yordamsevar insonlar olib kelishadi. Bu ishlarni onam bilan bir-ikki ayol tashkillashtirishadi.
- Ertaga tarqatadigan kunimiz. Istasang sen ham ko'rishing mumkin.
Feruza qiziqib qolgandi.
- Mayli, dedi.
   Ertasi kuni Fotima xolaning uyiga odamlar kela boshlashdi. Ko'rinishlaridan juda kambag'alga o'xshar edilar. Fotima xola kelganlardan birma-bir nimalarga ehtiyojlari borligini so'rab, ularga yordam berayotgan edi. Kechgacha tinib-tinchimadilar. Kech bo'lganda ovqatlanishdi. Feruza Fotima xolaning oldiga kelib:
- Fotima xola, kelgan odamlar sizdan xursand bo'lishdi. Hammalari ketayotganlarida sizning haqqingizga duo qilishdi.
- Ha bolajonim, ularga yordam bera olgan bo'lsak, qanday yaxshi.
- Siz ham xursandmisiz?
- Albatta.  Ularning nimalarga ehtiyojlari boligini ko'rding. Bolalariga issiq ovqat olib bora olganlari uchun juda xursand edilar. Biz ham ularning quvonchini ko'rib xursand bo'lamiz.
   Feruza o'yga tolgandi. O'zining qilgan ishlarini o'yladi. To'kib-sochgan, oxirigacha yemay axlatga tashlagan taomlariga bir necha kishi qorin to'yg'azsa bo'lar edi. Qilmishlaridan uyaldi.
- Isrof gunoh ishmi?
- Albatta qizim. Alloh isrofni yoqtirmaydi. Alloh "Hakim" ismi bilan hamma narsani hikmat bilan yaratadi.
- Hech ham isrof qilmaydimi?
- Yo'q, isrof qilmaydi. Masalan sen o'z vujudingda keraksiz biror a'zoni ko'ryapsanmi?
Feruza biroz o'ylanib:
- Qoshlarim-chi? Ularning nima keragi bor?
- Qosh keraksiz bo'lsa, peshonangdan oqqan terlar ko'zingga tushishini istaysanmi? His-tug'ularingni bildirishda qosh ifodalaridan foydalanmaysanmi? Jahl qilganingda qoshlaringni burushtirishing, hayron bo'lganingda yuqori ko'tarishing-chi?
- To'g'ri, tirnoqlarim-chi?
- Biror narsani qaziganimizda tirnoqlarimizdan foydalanamiz.
- Aksirishimizning nima keragi bor?
- Nafas olganimizda ichimizga kirgan begona narsalarni aksirish orqali chiqarib yuboramiz.
- Terlashni ham yoqtirmayman. Terlshning nima foydasi bor?
- Isib ketganimizda terlash orqali vujudimizning harorati tushadi. Terlash orqali zaharli moddalar vujudimizdan chiqib ketadi.
Feruza ikki qo'lini ikki tarafga ochib chorasizlik bilan:
- Eee! Vujudumizda keraksiz narsani topolmayapman. Boshqa narsalarni aytaylik.
- Mayli, aytaqol.
- Misol uchun qo'ng'izlarning nima keragi bor?
- Gullarning changlanishiga va mevalar hosil bo'lishiga sababchilar. Qo'ng'zilar yo'q bo'lsa o'rgimchaklar, qushlar och qolisharmidi?
- So'lib qolgan barglarning nima keragi bor?
- Yangidan tuproqqa aylanishadi, inshaAlloh.
- Aaa! Hech qanday ortiqca, kerakmas narsa yo'qmi?
- Yo'q. Alloh keraksiz, foydasiz hech narsani yaratmaydi. Har bir narsaning turli xil foydalari bor. Yaratgan narsalari orqali bizga san'atini ham ko'rsatadi. Bizni ham isrof qilmasligimizni, ne'matlariga shukr qilib qadrini bilishimizni istaydi.
Feruzaning ta'sirlanganini ko'rgan Fotima xola:
- Qo'ng'izlar ham isrof qilishmas ekan, insonlarga isrof yarashadimi? Inson ham koinotning tartibini buzmasligi kerak.
   Feruza Fotima xolaning gaplarini ma'qulladi. Bundan keyin tejamkorlik bilan ish tutmoqchi edi. Isrofning xunuk ish ekanligini anglagan edi.

BARCHA GO'ZAL ISMLAR ALLOHNIKIDIR
    Uzoq o'lkalarning birida  bir qariya yashar edi. Uning ismi Ali edi. Qariya shishadan yasalgan o'yinchoq prizma sotib kun kechirar edi. Har tarafi rang-barang nurlar sochadigan prizmalarni savatiga to'ldirib bir mahalladan ikkinchisiga o'tib aylanib yurardi. Ayniqsa, mahalladagi bolalar prizmalarni o'ynashni juda yaxshi ko'rishar edi. Uylariga, xonalarining derazasiga osib qo'yilgan prizmadan sochilgan quyosh nurlarini ko'rib sevinishar edi. Oyna prizmalardan kesib o'tayotgan quyosh nurlari turli xil rangga ayrilar edi. Hammayoq qip-qizil, sariq, yashil, binafsha rang va qovoq rangga burkanar edi.
   Kattalar ham Ali amakini yaxshi ko'rishar, suhbatini olish uchun shoshilishar edi. Ali amaki ko'pni ko'rgan, ko'p kitob o'qigan ilimli inson edi.
    Kunlardan bir kuni bir mahallada aylanib yurgan edi. Har doimgidek bolalar uning atrofini o'rab olishgan, har biri prizma sotib olishga oshiqmoqda edi. Prizmasini olgan bolalar sevinch bilan eng ko'p quyosh nuri tushayotgan joyni qidirib yugurishib ketishdi. Ali amaki ularni sevinchini tabassum bilan tamosha qilardi. Bolalar tarqalishgach, burchakda o'tirgan bir bolaga ko'zi tushdi. Bu Umar edi. U xafa holatda bolalarni kuzatib o'tirgan edi. Ali amaki:
- Nima bo'ldi Umar? Nega xafa bo'lding?
- Yo'q, hech narsa...
Ali amaki uning yoniga o'tirdi.
- Yig'laganing ko'rinib turibdi-ku.
Kichik Umar o'zini bosa olmay yig'laganicha:
- Bugun ertalab derazani ochayotib osib qo'ygan prizmamni sindirib qo'ydim.
Ali amaki unga tasalli berdi:
- Qo'yaver, boshqasini olasan.
- Ololmayman, pulim yo'q-ku.
Ali amaki kuldi. Qo'lini savatga uzatib eng chiroyli shakldagi prizmani olib Umarga berdi.
- Mana qara, bu mendan senga sovg'a. Bo'ldi, yig'lama endi.
- Rostdanmi?
- Albatta.
- Katta raxmat amaki!
   Umar prizmani quyoshga tutib aylantirib o'ynashni boshladi. O'sha payt "tap" etgan ovoz eshitildi. Qarshilaridagi daraxtda joylashgan qush uyasidan qushcha yerga tushib ketgan edi. Umar yugurgancha qushchani Ali amakining oldiga olib keldi. Ali amaki qushchani qo'liga olib qanotlarini tekshirdi.
- Alhamdulillah, jarohatlanmabdi.
   Bu orada qushning onasi ham uyasiga qaytdi. Poloponini uyasida yo'qligini ko'rgach bezovtalanib atrofda uchishni boshladi. Huzun bilan sayradi. Ali amaki uning holatini ko'rgach:
- Qani yur Umar, qushni uyasiga qo'yamiz.
Umar boshini qimirlatdi.
- Mayli, dedi.
   Umar darrov daraxtga tirmashib yuqoriga chiqdi. Ali amaki uzatgan qushchani olib uyasiga qo'ydi. Pastga tushganida ona qush poloponini qanotlari ostiga olib hotirjam o'tirib, tumshug'ida olib kelgan yeguliklarni poloponing o'g'ziga tutdi.
Ali amaki bilan Umar yana birgalikda o'tirib ularni tamosha qila boshlashdi.
- Qara Umar, Alloh "Muhyi" ismi bilan qushga hayot beradi. "Fattoh" ismi bilan tuxumdan chiqaradi. "Razzoq" ismi bilan rizqini beradi.
Umar:
- Allohning shunca ko'p ismi bormi Ali amaki?
Ali amaki:
- Barcha go'zal ismlar Allohnikidir. Bu xali hammasi emas. "Jamiyl" ismi bilan go'zal qilib yaratadi. "Adl" ismi bilan o'lchovli, intizomli qilib yaratadi. "Rahmon" ismi bilan barcha ehtiyojlarini beradi. "Hafiz" ismi bilan unga uyasini va tuklarini berib himoya qiladi.
Umar:
- Aytgan ishlaringizni bir vaqtning o'zida qiladimi?
- Albatta.
- Lekin qanday qilib?
- Uning qudrati hamma narsaga yetadi. Misol uchun, shu prizmani ko'ryapsanmi?
- Ha.
- Bir tomonidan quyosh nuri kesib o'tmoqda. Bu nur prizmaning narigi tomonida qizil, sariq, yashil, ko'k, binafsha rang.... bir talay rangga ayrilmoqda. Ya'ni, bu aslida quyoshning nuri.
Umarning ko'zlari porladi:
- Ya'ni, Allohning Razzoq, Rahmon, Shafiy, Adl, Fattoh,.... juda ko'p ismlari bor. Ammo, hammasi bir-biriga bog'liq. Barchasi Uning ismlari, to'g'rimi?
- Ha, rizqimizni beruvchi, bizni yashatuvchi, kasal bo'lganimizda shifo beruvchi, bizni go'zal qilib yaratgan va doim bizni himoya qilgan Allohdir.
- Qanday yaxshi! Men ham bir misol keltirsam maylimi?
-Albatta.
- Misol uchun siz insonsiz. Ayni paytda otasiz, ham sana'tkorsiz. Menga bularni o'rgatganingiz uchun ustozsiz. Ya'ni, bir vaqtni o'zida bir nechta ismingiz bor.
- Ha, to'g'ri. Shunga o'xshab, Allohning ham ismlari juda ko'p.
- Sizningcha Allohning ismlarini bilishimiz muhimmi?
- Albatta, insonning Allohga ishonishi, iymon keltirishi, tanishi uchun muhimdir. Bunday insonni hech narsa baxtsiz qilolmaydi. Allohning rizosini qozonish uchun doim harakatda bo'ladi.
- Qanday?
- Juda oson. Qur'oni Karim va Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning buyurganlarini bajarsak Allohning roziligini va Jannatni qo'lga kiritamiz.
  Umarning ko'zlari quvonchdan porlar edi. Ali amaki Umarning boshini siladi. Atrofda qo'llarida prizma ko'tarib olgan bolalar ko'chalarni turli ranglarga bo'yab o'yin o'ynayotgan edilar. Umarning qalbi ham rang-barang hislarga to'lgan edi.
 
 "Bolajon" tanlovi uchun
BOLAJONLAR UCHUN BIR HADIS, BIR HIKOYA

QUSHLAR
Bir kuni ovchi soy bo’yiga qushlar uchun to’rdan tuzoq qo’yibdi. Qushlar to’rning ichidagi yemishlarga aldanib tuzoqqa ilinibdi.
Ovchi qushlarni olib ketish uchun kelganida qushlar to’r bilan birga “pirr” etib osmonga ko’tarlibdi. Ularning birgalikda bir tomonga harakat qilishi, hatto to’r bilan birga uchishidan hayratlangan ovchi ularning ortidan yo’lga tushibdi.
Yo’lda duch kelgan bir yo’lovchi ovchining qayerga shoshilib ketayotganligini so’rabdi.
Ovchi uchib ketayotgan qushlarni ko’rsatib ularni tutib olmoqchiligini aytibdi.
Yo’lovchi kulib:
-    Es-hushing joyidami? Osmonda uchib ketayotgan qushlarni tutib olmoqchimisan, debdi.
Ovchi:
-    Ha, agar to’rning ichida bitta qush bo’lganida tutib olishim qiyin bo’lar edi. Ammo, qarab tur, men bu qushlarni tutib olaman, debdi.
Ovchi aytgandek bo’lib chiqibdi. Kech tushgach qushlar o’z inlariga ketmoqchi bo’lib bir qismi o’rmonga, bir qismi esa ko’l tomonga qarab ucha boshlabdi. Ba’zilari tog’larga, yana boshqalari esa chamanzorga uchishga harakat qilarmish. Hech biri istaganidek bo’lmabdi, qushlarning uchishga madori qolmay to’r bilan birga yerga qulabdi.
Bechora qushlar Payg’ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini bilganlarida edi, hammalari bir bo’lib bir tomonga uchar edi. Ovchi ham ularni tuta olmas edi.
“BIR-BIRINGIZDAN AYRILMANG, CHUNKI PODADAN AYRILGAN QO’Y BO’RIGA YEM BO’LADI.”

***

TIKON
Bir zamonlar bir mamlakatda og’ir jazolash uslubi bo’lgan ekan. Aybdor deb topilgan insonlarni och arslonlarga yem qilishar, xalq to’planib bu dahshatli manzarani tamosha qilar ekan.
Bir kuni bir qul egasidan qochib ketib, shunday jazoga tortilibdi. Arena deb atalgan, atroflari baland devorlar bilan o’ralgan maydonda aybdor qulni yolg’iz o’zini qoldirib, o’n kun davomida och qoldirilgan arslonni qo’yib yuborishibdi. Bechora qulning ustiga dahshat bilan tashlangan arslon birdan to’xtab qolibdi va qulning qo’llarini yalay boshlabdi.
Bu holat atrofdagi tamosha qilayotgan odamlarni hayratda qoldiribdi.
Quldan buning sababini so’rashibdi. Qul shunday debdi:
-    Bir zamonlar o’rmonda shu arslonga duch kelgan edim. Panjasiga katta bir tikon kirib qolgan ekan. Arslon og’riqdan ingrayotgan edi. Panjasidagi tikonni olib tashladim va u bilan do’stlashib oldik.
Bo’lib o’tgan voqeani eshitgan xalq juda ta’sirlanibdi.
Qulni ham, arslonni ham ozod qilishibdi. Qulning ortidan mushukdek ergashib yurgan arslonni hayrat bilan tomosha qilishibdi.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“RAHMDIL INSONGA ALLOH TAOLO HAM RAHM QILADI. SIZ YER YUZIDAGILARGA RAHM QILSANGIZ, OSMONDAGILAR HAM SIZGA RAHM QILADILAR.”

***

CHOPON
Cho’pon Ahmad tog’a hayotda ko’p qiyinchilik ko’rgan inson edi. Ayanchli urush yillari mol-mulkidan, eng achinarlisi oilasidan ham ayrilgan edi. Turmush o’rtog’i vafot etgan, o’g’li esa bedarak yo’qolgan edi. Shahardagi ishidan ayrilgach, chekka bir qishloqda cho’ponlik qilayotgan edi.
Kunlardan bir kuni Ahmad tog’a betob bir yigitni shaharga olib ketayotganlarini ko’rib qoldi. Bechora yigit ustidagi yupun bir kiyimda sovuqdan titrar, cho’pondan ham kambag’alligi bilinib turar edi. Cho’pon Ahmad tog’a bir necha yildan beri kiyib kelgan choponini yechib betob yigitga kiygizdi.
Kasalxonada bukchaygancha navbat kutib o’tirgan yigit, bir yosh yigitning uni “dada” deb chaqirganini eshitgach hayron bo’ldi. Boshini ko’tarib qaradi. Qarshisida turgan yigitni taniyolmadi. Uni “dada” deb chaqirgan yigit ham hayron bo’lib qarab turar edi.
-    Kechirasiz, bir necha yildan beri otamni izlab yurgan edim. Ustingizdagi chopon otamning choponiga o’xshar ekan. Sizni otam deb o’ylabman, deb uzr so’radi.
Betob yigit uning otasi kim ekanligini so’rab surishtirdi. Biroz suhbatlashgach bu yigit Ahmad tog’aning o’g’li ekanligini angladi. Unga yanglishmaganligini, rostdan ham bu chopon uning otasiga tegishli ekanligini aytdi. Betob yigit davolanib bo’lgach, cho’pon Ahmad tog’aning shifokor o’g’li bilan qishloqqa qaytishdi. Va nihoyat, Ahmad to’ga bir necha yillardan beri bedarak yo’qolgan o’g’liga yetishdi.
Pay’g’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:
“BIR YAXSHILIK UCHUN O’N BAROBAR MUKOFOT BERILADI” mazmunidagi hadisi shariflari qanchalik to’g’ri ekan, shunday emasmi?
 
***

KO’ZGU
Qadim zamonlardan birida vazirlar mulozimlari bilan mamlakat aylanishga chiqibdi. Yo’lda bir qul bozoriga duch kelishibdi. U yerda ozodlikligidan ayrilgan bechora insonlar birma-bir sotilayotgan ekan.
Vazir qullarning yoniga yaqinlashib ularni yaqinroqdan ko’rmoqchi bo’libdi. Keksa bir qul vazirga xitoban:
-    Hazratim, sallangizga dog’ tegibdi, debdi.
Vazir sallasini yechib qarabdi. Haqiqatdan ham sallasida dog’ bor ekan. Bundan ko’rinib turibdiki, kun bo’yi shu ahvolda yurgan va uning sallasidagi dog’ni hamma ko’rgan edi. Vazir ahvolidan rosa uyalibdi. Mulozimlariga xafa bo’lgancha qarab shunday debdi:
-    Shu ahvolda yurishimga ko’z yumib, sallamdagi dog’ni ko’rsangiz ham menga aytmadingiz. Aslida haqiqiy do’stim shu bechora qul ekan. Ammo men uning do’stligini bilmas ekanman. Do’stimning quldek sotilishini istamayman, darrov uni sotib olib ozod qiling.
Bu voqeani esdan chiqarmasliklari uchun vazir Payg’ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini bir nechta lavhaga yozdirib mulozimlariga jo’natibdi:
“MO’MIN MO’MINNING KO’ZGUSIDIR.”

***

BEZORI
Yoz kunlarining birida bolalar soy bo’yida o’ynayotgan edi. Bolalarning orasida G’affor ismli bola bor edi. Doim hayvonlarga ozor berganligi uchun bolalar unga “bezori” deb laqab qo’ygan edi. G’affor odatdagidan o’zgacha yangi o’yin o’ynashni istar va taklif qilingan o’yinlarni hech birini qabul qilmayotgan edi.
G’affor o’ziga o’xshagan ikki-uch do’stini chekkaga chaqirdi. Do’stlari bilan o’zaro gaplashib olgach qiziqarli bir o’yin topganini aytdi.
Atrofdagi boshqa bolalar qanday o’yin ekanligini bilish uchun oshiqdi.
Shu payt G’affor va uning do’stlari qishloqqa yangi ko’chib kelgan Aliga asta-sekin yaqin kelishdi. Bezori bolalar Alining qo’li va oyoqlaridan ushlab soyga itarib yuborishdi. Bechora Ali suzishni bilmas edi.
Ali juda qattiq qo’rqib ketdi. Suzishga bir-ikki marta harakat qildi, ammo suza olmadi. Ali cho’ka  boshladi. U yordam so’rab baqirgani sayin G’affor va uning do’stlari qah-qaha otib kulishardi.
Ismoil ismli bola tezda yechinishni boshladi. Bolalarning orasida eng jasuri bo’lganligi uchun G’afforga faqat u bas kela olardi. Aliga qilingan bu yomonlikdan Ismoilning jahli chiqqan edi. Soyga sakrab bir-ikki daqiqa ichida Alini qirg’oqqa olib chiqdi.
Do’stlari xursand bo’lib uni olqishladi. U yerdan o’tib ketayotgan bir kishi bo’lib o’tgan voqeaga guvoh bo’lgan edi. Yaxshi kiyingan, chiroyli yuzli o’sha odam Ismoilni sochlarini silab:
-    Bolajonim, sen Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyurganlarini qilding. Alloh sendan rozi bo’lsin. Payg’ambarimiz shunday marhamat qilgan edilar:

“MO’MIN MO’MINNING BIRODARIDIR. UNGA YOMONLIK QILMAGANIDEK, YOMONLARNING QO’LIDA HAM QOLDIRMAYDI.”

***

JANNATDAGI QO’SHNI
O’tgan zamonlarda bir podshoh bo’lgan ekan. Kunlardan bir kuni xalq uning davlat boshqaruvi haqida qanday fikrda ekanligini bilmoqchi bo’libdi. Shu maqsadda uni hech kim tanimasligi uchun eski kiyimlar kiyib bir xizmatkori bilan shahar aylanishga chiqibdi.
Qish fasli bo’lganligi uchun kun juda ham sovuq, hammayoq sovuqdan qaqshar edi.
Podshoh yo’lida bir masjidga duch kelibdi.
Ikki boshpanasiz kambag’al odam bir chekkada sovuqdan titrab o’tirgan ekan.
Ikkovi nima haqida suhbatlashayotganiga qiziqqan podshoh ularning yoniga kelib o’tiribdi.
Hazilni yaxshi ko’radigan kambag’allardan biri:
-    Erta-indin jannatga borganimizda podshohimizni kirgizmayman. Jannatning devoriga yaqinlashganini ko’rsam kovushim bilan urib haydayman, debdi.
Yonidagi kambag’al:
-    Uni umuman jannatga kirgizmaysanmi? deb so’rabdi.
-    Albatta kirgizmayman. Biz bu yerda sovuqdan muzlab o’tiribmiz, u esa saroyda rohat qilib yashayapti. Bizning holimizdan xabar ham olmaydi, yana jannatda menga qo’shni bo’lsinmi? Menga unday qo’shnining keragi yo’q, debdi.
Bir-birlariga qarab kulib qo’yishibdi.
Podshoh xizmatkoriga:
-    Bu masjidni va shu yerdagi odamlarni eslab qol, debdi.
Saroyga qaytgach odamlarini masjidga yuboribdi. Haligi ikki kambag’alni saroyga olib kelishibdi.
Bechora faqirlar yo’l-yo’lakay boshlariga bir musibat kelishidan qo’rqishibdi. Podshohning xizmatkorlari ularni gilamlar to’shalgan shinam bir xonaga joylashtirishibdi va:
-    Bu yerda yeb-ichib, rohatda yashang. Iltimos, podshohimiz haqqiga duo qiling. Jannatda sizlar bilan qo’shni bo’lishiga qarshilik qilmang, deyishibdi.
Podshoh naqadar yaxshi inson ekan, shunday emasmi?
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kambag’alga yordam bergan insonlarni shunday deb maqtagan ekanlar:
“BIR MO’MINNI DUNYO TASHVISHLARIDAN QUTQARGAN INSONNI, ALLOH TAOLO OXIRAT TASHVISHLARIDAN QUTQARADI.”

***

TISH DORISI
Kunlarning birida bir shaharchaning oshxonasiga bashang kiyingan bir odam kirib o’tirbdi.
Xizmatkorga:
-    Ovqat bilan salat olib kel, debdi.
Haligi odam ovqatni og’ziga olib bormasidan:
-    Oh, yana tishim og’rishni boshladi, deb dod sola boshlabdi. Qo’lida katta bir xalta ko’tarib olgan bir odam unga yaqinlashibdi. Xaltasidan bir shishani olib, bir bo’lak paxtani shishadagi suyuqlikka botirib:
-    - Iltimos, shuni og’riyotgan tishingizga surting, debdi.
Tishi og’riyotgan odam uning aytganini bajaribdi. Birdan xursandchilik bilan:
-    Voh ajab, hech qanday og’riq his qilmayapman, debdi.
Atrofdaglar bu ajoyib doridan sotib olish uchun katta xaltali odamning atrofiga to’planishibdi. Ko’p o’tmay xaltasidagi barcha shishalar tugabdi.
Bir soatdan keyin tishi og’rigan kishi bilan xaltali odam bekatda uchrashishibdi. Bu shaharchada ishlari yurishayotgani haqida gaplashib birozdan keyin keladigan poyezdni kuta boshlashibdi.
Shu payt ikki militsiya xodimi ularni qo’lga olibdi.
Soxta dori sotib olganlardan bir kishi og’riqdan qutulolmagach darrov militsiyaga arz qilgan ekan.
Militsiya boshlig’i ularni huzuriga chaqirib:
-    Siz qaysi dinga e’tiqod qilasiz, deb so’rabdi.
Ular boshlarini egib:
-    Musulmonmiz, Alhamdulilloh, deyishibdi.
Militsiya boshlig’ining jahli chiqib:
-    Sizlar Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning:
“BIZNI ALDAGAN BIZDAN EMASDIR” deb marhamat qilganlarini bilmaysizmi, debdi va ularni jazolash uchun mahkamaga olib ketibdi.

***

HAMYON
Bir kuni odobsiz bir savdogar bozor aylanishga chiqibdi. Bozorda sakkiz yuz tilla solingan hamyonini yo’qotib qo’yibdi. Hammadan birma-bir so’rab surishtiribdi, ammo hamyonni hech kim ko’rmagan ekan. Darrov bir jarchini yollab, hamyonini olib kelgan odamga yuz tilla berishini e’lon qildiribdi.
Yo’qolgan hamyonni rostg’oy kosib Vali topib olgan ekan. Egasi topilguncha o’zida saqlab turishga qaror qilibdi. Jarchining e’lonini eshitgach, hamyonni savdogarga olib borib topshiribdi.
Savdogar juda xasis, yolg’onchi va yaxshilik bilmas inson ekan. Tillalarini topilganligidan xursand bo’lsa-da, buni atrofidagilarga bildirmabdi. Hamyonning ichidagi tillalarini sanab bo’lgach:
-    Hoy, birodar! Shundoq ham oladigan ulushingni olib bo’libsan, deb bechora kosibga tuhmat ham qilibdi.
Kosib Vali savdogarning yoqasidan tutib:
-    Menga qarang ey taqsir! Men kambag’al odam bo’lsam ham, o’g’rilik va tovlamachilik qilmayman. Va’da bergan tillalaringizni bermasangiz ham roziman. Ammo meni o’g’rilikda ayblamang, debdi.
Ayyor savdogar Valini ayblashdan qaytmagach qozixonaga murojaat qilishibdi.
Qozi janoblari har ikki tarafni arzini eshitgach, savdogarning nohaq ekanligini anglabdi. Unga aqlini kiritib qo’yish uchun jazolashni rejalashtiribdi. Ammo g’azabini bildirmay shunday qaror qilibdi:
-    Savdogar yonidan yuz tilla olib qo’yilganligini, kosib esa hech narsa olmaganligini aytdi. Men sizlarga ishonaman, ikkovngiz ham rost gapirdingiz. Bundan ko’rinib turibdiki, kosibning topib olgan hamyoni boshqa odamga tegishli ekan. Egasi topilguncha shu yerda saqlab turiladi, debdi.
Xasis savdogar qilmishiga pushaymon bo’libdi, ammo endi kech bo’lgan edi.
Bu yaxshilik bilmas savdogarning holati Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflarini eslatadi:
“INSONLARGA RAHMAT AYTISHNI BILMAGAN ODAM, ALLOH TAOLOGA HAM SHUKR QILMAYDI”.

***

ZAHAR

Husayin tog’a shahardan qishloqqa qaytayotgan edi. Bozorga olib borgan mollarini hammasini sotganligidan xursand edi.
Biroz dam olish maqsadida bir quduqning yonida to’xtadi. “Eshak o’tlab olsin, men ham shu daraxtning tagida biroz uxlab olaman” deb o’ylabdi. Uyquga ketar ekan, pullari yodiga tushibdi. Ularni ishonchli joyga yashirmoqchi bo’lib, xaltasini ochib qarabdi, hamma narsa joyida edi. Xaltasini ko’ylagining ichiga yashirib yana uyquga ketibdi.
Afsuski, daraxting tepasida o’tirgan bir o’g’ri hamma narsaga guvoh bo’lgan edi. Hayoti davomida doim hammaga zarar bergan o’g’ri ko’zlarida sevinch bilan asta-sekin daraxtdan pastga tushibdi. Cho’ntagidan bir qamish bo’lagi bilan zahar solingan qutichani olibdi. Qamishning ichiga zahardan solib, chuqur uyquga ketgan Husayin tog’aga yaqinlashibdi. O’g’ri zaharni Husayin tog’aning og’ziga puflab, uni osongina o’ldirib pullarini olmoqchi bo’libdi.
Zaharni Husayin tog’aning og’ziga puflamoqchi bo’lib turganida, Husayin tog’a birdan aksirib yuboribdi. Barcha zahar yomon niyatli odamning og’ziga kirib, uni o’sha zahoti o’ldiribdi.
Payg’ambarimiz sallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“BOSHQALARGA ZARAR BERGAN KISHIGA ALLOH TAOLO HAM ZARAR BERADI”.

***

BELBOG’

Nihat odobsiz bola edi. Qo’pol muomalada bo’lganligi uchun doim ukalari bilan janjallashar edi. Uning bu holatidan onasi xafa bo’lib :
-    Bolajonim, hech kimning ko’nglini og’ritma. Xunuk so’zlarni so’zlama, deb o’git berardi. Ammo Nihat har safar o’zini haqli deb hisoblar va shunday derdi:
-    Mening aybim yo’q. Shunday muomala qilishimga ularning o’zlari aybdor.
Kunlardan bir kun onasi:
-    Agar bugun kechgacha hech kim bilan janjallashmasang, senga do’kondagi o’sha belbog’ni olib beraman, debdi.
Kichik ukalari onasinig gaplarini eshitib Nihatning jahlini chiqarish uchun rosa harakat qilishibdi. Ammo, janjal chiqarmaslikka qaror qilgan Nihat kechgacha hech kimga ozor bermabdi.
Kech tushgach, onasi unga shunday debdi:
-    Bir dona belbog’lik bo’lish uchun o’zingni yaxshi tutyapsan, bu ishing yaxshi. Ammo buni kichik, o’tkinchi narsalar uchun emas, Alloh Taolo buyurganligi uchun qilishing kerak o’g’lim.
Koshki Payg’ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini Nihatga o’rgatishganida edi:
“HAQLI BO’LA TURIB JANJALLASHMAGAN KISHIGA JANNAT HOVLISIDAN KO’SHK BERILISHIGA MEN KAFILMAN”.

***

JAHL
Xolid baquvvat bola edi. Bir qo’lida stulni bemalol ko’tara olar edi.
Maktabda kurash tushib doim g’olib bo’lardi. Eng ko’p Nuriddin bilan kurash tushar edi.
Bir kuni ikkovi yana maktab bog’ida kurash tushishdi. Kurashda yengilgan Nuriddin sinfga kirib Xolidning daftariga chizib tashladi.
Xolid uning bu ishini ko’rib jahli chiqdi. Do’stining ustiga tashlandi va yuziga bir musht tushirdi.
Nuriddinning burnidan oqayotgan qon uning ust-boshini, hatto sinfni ham iflos qildi.
Bo’lib o’tgan voqeadan sinfdagi barcha do’stlari xafa bo’lishdi.
O’qituvchi Xolidni koyir ekan unga Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu so’zlarini yodiga soldi:
“KURASHDA G’OLIB CHIQQAN ODAM KUCHLI EMAS, JAHLI CHIQQANDA JAHLINI YENGA OLGAN ODAM KUCHLIDIR.”
 
***

MUSOBAQA
Husniddin odobli bola edi. Afsuski, avtohalokatga uchrab ko’zlaridan ayrilgan edi. Ammo o’zini yo’qotmay, boshqalarning yordamisiz yashay olishini isbotlagan edi. Hatto ko’p hollarda qishlog’idan shaharga yolg’iz o’zi borib kelar edi.
U bilan bir qishloqda yashaydigan Murtazo ismli maqtanchoq bola bor edi. Murtazo Husniddinni mazax qilish uchun:
-    Husniddin, men bilan shaharga kim birinchi borish uchun musobaqa o’ynaysanmi, deb so’radi.
Husniddin uning taklifini jiddiy qabul qilib:
-    Mayli roziman. Ammo men g’olib bo’lsam ustingdagi kiyimingni menga berasan, dedi.
Murtazo bu shartga qah-qaha otib kulib:
-    G’olib bo’lsang usti-boshim seniki bo’lsin, dedi.
Husniddin:
-    Yana bir shartim bor, musobaqa vaqtini men belgilayman, dedi.
Uni musobaqada g’olib bo’lishiga ishonmagan Murtazo:
-    Istagan shartingni aytaver, deb kulishda davom etdi.
Qop-qorong’u kechada o’rmondagi yo’ldan shaharga borishda musobaqa o’ynashdi. Husniddin uchun kecha va kunduzning farqi bo’lmaganligi uchun yo’lidan adashmadi. Ammo, Murtazo o’rmonda adashib qoldi. Qorong’uda chuqurlarga yiqilib tushdi, daraxt shoxlari yuz-qo’llarini tirnab yubordi. Shaharga Husniddindan yarim soat keyin yetib keldi.
Bechora Murtazo Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini eshitganida balki unday qilmagan bo’lar edi:
“HECH KIM BIRODARIGA KIBRLANMASIN”
 
***

OLTINLAR
Aylin o’ziga bino qo’ygan, maqtanchoq qizcha edi. Otasi vafot etgach ancha o’zgarib qolgan edi. Uylarining hovlisida yolg’iz o’zi o’ynar edi. Yon qo’shnilari kambag’al bo’lganligi uchun ularning kenja qizi Badriya bilan o’ynashni xohlamas edi.
Kunlardan bir kun Badriya Aylinning yoniga yugurib kelib:
-    Otam og’ir kasal. Umrining oxirgi daqiqalarini yashayotgan bo’lishi ham mumkin. Sizni ko’rishni xohlayapti. Sizga juda muhim bir narsa aytmoqchi ekan, dedi.
Aylin kibr bilan labini burib:
-    Kambag’al odamning menga qanday gapi bo’lishi mumkin. Uyingizning noxush hididan unga kirib bo’lmasa kerak, dedi.
Bir necha daqiqadan keyin Badriya yig’lagancha qaytib keldi:
-    Otamning sizga aytadigan gaplari juda muhim ekan. Otangiz o’limidan oldin oltinlarini bir yerga ko’mgan ekan. Ko’milgan joyni faqat dadam bilar ekanlar. Siz voyaga yetmaguningizcha oltinlarni joyini hech kim bilmasligi kerak ekan. Ammo, hozir o’lim oldidan oltinlarning joyini sizga aytmoqchi ekanlar. Tezroq yuring, dedi.
Aylin uning bu gaplarini eshitib Badriyaning uyiga qarab yugurib ketdi. Ammo kech qolishgan ekan, bechora odam olamdan o’tgan edi.
Aylin o’zining qaysarligidan jahli chiqdi. Qilmishiga pushaymon bo’ldi.
Bu kibrli qiz faqat oltinlaridan ayrildimi? Yo’q, agar bu yomon axloqidan voz kechmasa oltinlarini yo’qotganidek Jannatdan ham ayriladi.
Mana o’qing, Payg’ambarimiz sallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“QALBIDA ZARRACHA KIBR BO’LGAN INSON, JANNATGA KIRA OLMAYDI”.
***

O’G’RI
Nuriddin amaki qishloqlik oddiy bir odam edi. Hech kimning ishiga aralashmas va lozim bo’lmaganda gapirmas edi. Shu sababli uchun tanishlari Nuriddin amakining qo’lidan hech bir ish kelmaydigan odam deb o’ylar edilar.
Bir kuni ayyor bir odam Nuriddin amakining eshagini o’g’irlab ketibdi. Nuriddin amaki eshak sotib olish uchun bozorga yo’l olibdi.
U yerda aylanib yurganida o’zining eshagini ko’rib qolibdi.
-    Bu mening eshagim. O’tgan hafta o’g’irlab ketishgan edi, debdi.
O’g’ri ichidan pishgan ayyor odam ekan:
-    Yanglishyapsiz, men buni kichik xo’tikligidan beri boqib katta qilganman, debdi.
Nuriddin amakining hayoliga ajoyib bir fikr kelibdi. Eshakning ko’zlarini qo’llari bilan berkitib o’g’ridan:
-    Eshak seniki bo’lsa, aytchi qaysi ko’zi ko’r? deb so’rabdi.
O’g’ri biroz ikkilanib:
-    O’ng ko’zi, debdi.
Nuriddin amaki o’ng ko’zini ochib:
-    Ko’rib turibsanki o’ng ko’zi ko’r emas, debdi.
Buni ko’rgan o’g’ri:
-    Yanglishib ketibman, chap ko’zi ko’r edi, debdi.
-    Yana adashding, deb Nuriddin amaki chap ko’zini ham ochibdi.
Atroflaridagi odamlar eshakning ikki ko’zi ham sog’lom ekanligiga guvoh bo’lishibdi va yolg’onchi o’g’rini mirshabga topshirishibdi.
Nuriddin amaki eshagiga minib qishlog’iga qaytibdi. Bo’lib o’tgan voqeadan keyin odamlar uning aqlli odam ekanligini tushunishibdi.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o’g’rilik qilgan insonni duoibad qilib shunday buyuradilar:
ALLOH TAOLO O’G’RIGA RAHM QILMASIN”.

***
RIZQ
Besim aqlli bola edi. Otasi boy bo’lganligi uchun uning istagan hamma narsasi bor edi. Afsuski, kambag’al va faqir odamlarning qanday kun kechirishini bilmas edi.
Bir kuni Besim futbol maydoniga ketayotganida bir it uni ortidan quvlashni boshlabdi. It tor bir ko’chada unga yetib olibdi. Shu payt Besimning oyog’i toshga qoqilib yerga yiqilib tushibdi.
Besim ko’zini ochganida o’zi tengi bir bola bilan bir ayol jarohatlariga dori surtayotgan edi.
Mahmud bilan uning onasi Besimni itdan qutqargach, uylariga olib kelib tirnalgan joylarini davolayotgan edilar. Besim ularning uyi nihoyatda sodda va oddiy ekanligini ko’rib hayron qolibdi.
Besim ularga minnatdorchilik bildirib uyiga qaytibdi.
O’sha kuni kechki ovqat paytida unga yordam berganlarni o’ylab tomog’idan ovqat o’tmabdi.
Ertasi kuni onasi pishirgan tansiq taomlardan olib Mahmudlarning uyiga yo’l olibdi. U yerda Mahmud bilan birgalikda ovqatlanibdi. Ikkovi do’st bo’lishibdi.
Qalbi pok va rahmdil Besim Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislariga amal qilgandi:
“QO’SHNISI OCH BO’LA TURIB QORNI TO’Q BO’LGAN MO’MIN EMASDIR”.

***
PUL
Ramazon kunlaridan biri edi.
Adham iftorlikka non sotib olish uchun nonvoyxonaga bordi. Nonvoyxonaning oldida odamlar non sotib olish uchun uzun navbatda turishar edi. Iftor vaqti yaqinlashgan sayin kutayotganlar hovliqa boshlashdi.
Nonvoy shoshib qolgan, navbati kelganlarga non berib, pulini olish, hisob-kitob qilishga qiynalayotgan edi.

Iftorga oz qolganida Adhamning navbati keldi. Yaxshigina charchagan nonvoy yanglishib Adhamga ko’proq pul berib yubordi.
Adham ikkilanib to’xtab qoldi. Nonvoyga hayron bo’lib qaradi.
Nonvoy:
-    Nima bo’ldi bolakay, deb so’radi.
Adham:
-    Hech narsa, deb pullarini olib uyiga yugurib ketdi.
Adham iftor payti o’yga tolgan edi. Yotog’iga yotar ekan yana ham bezovta bo’la boshladi.
Hayolida kimdir uni so’roqqa tutayotgandek edi:
“Nega unday qilding?”
“Haqqing bo’lmagan pulni nima uchun olding?” deyayotgan edi.
Bo’lib o’tgan voqeani onasiga aytib berishga qaror qildi. Keyin onasiga aytishdan voz kechdi. Chunki onasining jahli chiqishi mumkin edi.
O’sha kecha yomon tushlar ko’rib chiqdi. Tongda uyg’onganida ichidagi huzursizlik hali ham ketmagan edi.
Devordagi taqvim varag’ini yirtib olib u yerdagi yozuvlarni o’qiy boshladi. Taqvimda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisi shariflari yozilgan edi:
“GUNOH ICHINGNI TIRNAYDIGAN VA UNI BOSHQALAR BILISHINI ISTAMAYDIGAN NARSADIR.” Adhamning yuzlari qizarib ketdi. Bu hadisi sharif aynan Adhamga aytilgandek edi. To’g’ri nonvoyxonaga bordi. Haqqi bo’lmagan pullarni uzr so’rab qaytarib berdi.

***
O’RTAKASH
Sovuq qish kunlaridan biri edi.
Iso maktabga ketayotganida kambag’al bir bolaga duch keldi. Bechoraning ustida qalin kiyimi ham yo’q edi. Oyoqlaridagi teshik poyafzaldan paypoqlarigacha suv o’tib ketganligi bilinib turardi. Iso ich-ichidan unga achindi. O’zining oilasi ham badavlat emas edi. Ammo hech kimga ehtiyojlari yo’q edi.
Kambag’al bolaning ortidan kuzata boshladi. Uni o’zi o’qiydigan maktabga kirganini ko’rib hayron bo’ldi. Bundan avval maktabda uni ko’rganini eslay olmadi. Unga qanday yordam berishni o’yladi. Ammo hech qanday yechim topolmadi. Ikki yildan beri kiyayotgan poyafzalini yechib bersa, o’rniga kiyadigan boshqa oyoq kiyimi ham yo’q edi.
Tushlik payti tanaffusda kambag’al bolani izlab topdi. U bilan do’stlashmoqchi ekanligini aytdi va ikkovi kelishib do’st bo’lib olishdi. Bechora bolaning otasi ikki yil avval olamdan o’tgan ekan. Mahallaga yaqinda ko’chib kelishgan bo’lib, onasi va ikki ukasi bilan birga yashar edilar. Iso sumkasidagi shirinliklar bilan do’stini mehmon qildi.
Kech tushgach dadasiga:
-    Ustozimiz kambag’allarga qanday yordam berish kerakligini o’rganishimizni uyga vazifa qilib berdilar, dedi.
Otasi unga ba’zi narsalarni tavsiya qildi. Kambag’allarga qanday yordam berish kerakligini tushuntirdi.
Ertasi kuni Iso maktabdan chiqib to’g’ri kambag’allarga yordam beruvchi idoraga bordi. U yerda bir yaxshi odamga do’sti haqida gapirib berdi va unga yordam berishlarini iltimos qildi.
O’sha odam Isoning bu hatti-harakatidan xursand bo’lib uni maqtadi. Do’sti qayerda yashashini so’rab bilib kelishini aytdi va:
-    Senga o’xshaganlarni Alloh ham, Payg’ambarimiz ham yaxshi ko’radilar. Chunki sen Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislariga amal qilding:

“YAXSHILIK UCHUN O’RTADA TURGAN ODAM, O’SHA YAXSHILIKNI O’ZI QILGANDEK SAVOBGA EGA BO’LADI”.
***

BERKINMACHOQ

Ehson do’stlari bilan berkinmachoq o’ynayotgan edi.
Do’stlari berkinish uchun tarqalishganida u ham yo’l bo’yidagi katta kashtan daraxtining orqasiga berkindi. Ebe ismli do’sti uni topishi oson bo’lmasligini o’yladi.
Shu payt oppoq soqolli bir qariya Ehsonning yoniga yaqinlashdi.
-    O’g’lim, sendan bir manzilni so’ramoqchi edim,dedi.
Ehson shoshilgancha qo’lini labiga tekkizib “gapirmang” deb ishora qildi.
Nima sababdan bunday qilayotganini tushunmagan qariya Ehsonga hayron bo’lib qarab turar edi.
-    Nimaga gapirmang deding o’g’lim, sendan manzilni qayerdaligini so’radim. Bilsang aytaqol, bilmasang mayli boshqa odamdan so’rayman. Shaharlik bolalar juda g’alati-da, deb kuyundi.
Keksa odam daraxt orqasida birov bilan gaplashib turganini ko’rgan Ebe, do’stlaridan birining o’sha yerga berkinganini o’yladi. Oyoq uchlarida yurib asta-sekin daraxtga yaqinlashdi.
Yaxshigina xunobi oshgan qariya:
-    Afsus, bu bolalarga Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “MANZIL SO’RAGAN ODAMGA YO’L KO’RSATING”, degan hadislarini o’rgatishmagan ekan, deb ortiga qaytdi.
Ehson qariyaning gaplarini eshitib uyalib ketdi va o’yinga ham parvo qilmay yashiringan joyidan chiqdi. Yuzlaridan nur yog’ilib turgan o’sha qariyaning yoniga yaqinlashib uzr so’radi va bormoqchi bo’lgan joyiga o’zi kuzatib qo’ydi.

***
O’YINBUZAR

Avni yaxshi bola edi. Ba’zan do’stlari bilan ko’p tortishgani uchun uni do’stlari yoqtirmas edi.
Kuz kunlaridan birida ko’l atrofida yig’ilgan bolalar, dengiz va ko’llar haqida, dengizning chuqurroq va suvi sovuqroq ekanligi haqida suhbatlashayotgan edilar.
Avni doimgidek ularning fikriga qarshi chiqdi.
Do’stlari uning fe’l-atvorini yaxshi bilganliklari uchun tortishib o’tirishmadi. Keyin kichik va silliq toshlarni to’plab suvga ota boshlashdi. Yumaloq toshchalar otilganida suv yuzasida kaklikdek sakrayotgan edi.
O’sha kuni Farruh ismli bolaning omadi chopib, otayotgan toshlari suv yuzasidan sakrab uzoqroqqa borayotgan edi.
Farruhning omadi chopganini ko’rib xunobi oshgan Avni:
-    Qani, qo’lingdagi toshlarni bir ko’ray, dedi.
Faruh qo’lidagi toshlarni ko’rsatdi. Aslida bu toshlarning boshqalaridan hech bir farqi yo’q edi.  Ammo, o’yinbuzar Avni biror bahona topib Farruhni ayblamoqchi edi.
-    Bildim, qog’ozdan ham yengil toshlarni yig’ib olibsan-da. Hammaning ham bunday toshlar bilan omadi chopadi, dedi.
Faruh ziyrak bola bo’lganligi uchun:
-    Mana, ol. Qo’lingdagilarni menga ber, dedi.
Ammo, hech narsa o’zgarmadi.
Avtohalokatda mayib bo’lib qolgan Haydar oqsoqlangancha Avniga yaqinlashdi.
-    Bugun asabiy ko’rinasan, do’stim, dedi.
Omadi kelmagani uchun jig’ibiyron bo’lib turgan Avni:
-    Seni men bilan ishing bo’lmasin cho’loq, deb baqirdi.
Avnining bu qo’pol munosabatidan boshqa bolalarning jahli chiqdi. Unga notog’ri ish qilganini aytishdi.
Avnining bu holati Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflariga zid, shunday emasmi?
“MO’MIN BIRODARING BILAN TORTISHMA! UNI MASXARA QILMA!”
**

GILOS DARAXTI
Bir kuni Ali bilan Oysha gilos daraxtiga chiqib qizara boshlagan giloslarni yeyotgan edilar. Aliga daraxt shoxlarining uchidagi giloslar pishgandek ko’rinayotgan edi.
Oysha:
-    Qara, bu yerdagilar ham yaxshi . Yuqoridagi shoxlari juda nozik, seni ko’tara olmaydi, deb Alini ogohlantirdi.
Ammo Ali shox uchidagi giloslardan boshqalariga qarashni xohlamas edi. Oyshaning gaplariga e’tibor bermay yuqoriga qarab tirmashdi. Ko’p vaqt o’tmasdan o’sha shox sinib Ali yerga qulab tushdi. Daraxtning shoxi bilan birgalikda Alining bir oyog’i ham sindi. U bir oyog’i gips qilinganligi uchun haftalar bo’yi uyda gilos daraxtini uzoqdan tamosha qilib o’tirishga majbur bo’ldi.
Alining qilgan ishi ochko’zlik emasmi?
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislari qanchalik mulohazaga chorlaydi:
“INSONNING IKKI CHUQUR TO’LA OLTINI BO’LSA, UCHINCHISINI HAM XOHLAYDI. INSONNING KO’ZINI TUPROQDAN BOSHQA NARSA TO’LDIRA OLMAYDI”.

***
O’G’IL
Bir zamonlar qaroqchilar odamlarning yo’llarini to’sib, talon-taroj qilishar, tutib olganlarini qul bozoriga olib borib sotishar ekan.
Bir kuni bir keksa va kambag’al odam qaroqchilarning qo’liga tushib qolibdi. Qaroqchilarning boshlig’i keksa odamga:
-    Qul bo’lib sotilishni istamasang, yuz tilla olib kel. Seni qo’yib yuboramiz, debdi.
Faqir odam oilasiga yozgan maktubida:
-    Meni qutqarish uchun pulingiz yo’qligini bilaman. Bu maktubni faqat boshimga nimalar kelganini bilishingiz uchun yozdim, debdi.
Faqir odamning qalbi pok, jasur bir o’g’li bor ekan. Otasining maktubini olgach, yugurganicha qaroqchilarning huzuriga kelibdi va:
-    Og’alar, otamni hech bir badalsiz qo’yib yuboring demoqchi emasman. Chunki bunday qila olmasligingizni bilaman. Otam keksa, kuch-quvvatsiz bo’lsa, uni sotsangiz ham hech narsa qo’lga kirita olmaysiz. Uning o’rniga meni sotsangiz ko’proq pulga ega bo’lasiz, deb yolvoribdi.
Bu taklif qaroqchilarga ma’qul bo’libdi.
-    Boshlig’imizga ham aytaylikchi, deyishibdi.
Ularning uzun mo’ylovli raisi yigitning gaplarini eshitib quloqlariga ishonmabdi. Keksa odamning o’gliga hayron bo’lib qarab:
-    Qoyil, dunyoda qanday mard farzandlar bor ekan. Bunday insonga joningni fido qilsang ham kam. Insoniylik qolmagan deb o’ylaysanmi? Otangni ozod qildim, ikkovingiz bemalol ketishingiz mumkin, debdi. Faqir odam fidokor o’g’li bilan birgalikda uyiga qaytibdi.
Bu hikoya bizga Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini eslatmoqda:
“HECH BIR FARZAND OTASINING HAQQINI ADO ETOLMAYDI. OTASINI QULLIKDAN SOTIB OLIB HURRIYATGA ERISHTIRSAGINA HAQQINI ADO ETGAN BO’LADI”.
***

ULOQCHA
Najib uloqchalarni juda yaxshi ko’rar edi. Otasi sovg’a qilgan uloqchani yoz bo’yi boqib katta qildi.Bu kichkinagina echki bolachasining Najibning ortidan sakrab yugurib yurishi, suzishmoqchi bo’lishi ajoyib edi.
Najibning otasi:
-    Eshikni ochiq qoldira ko’rma. Uloqcha uyga kirib narsalaringga zarar berishi mumkin, deb tanbeh berar edi.
Bir kuni Najib koptogini olish uchun yugurib uyga kirdi.Otasining gaplari yodida edi ammo, tezda chiqaman deb o’ylab eshikni ochiq qoldirdi. Yugurib kelayotganida ortidan kelayotgan uloqchani ichkariga kirganini sezmay qoldi.
Uloqcha moviy ko’zchalari bilan Najibning qayerga kirganini izlarkan, mehmonxonadagi katta oynani ko’rib qoldi. Oynaga yaqinlashgach o’ziga o’xshagan uloqchani yaqinlashayotganini ko’rdi. Bu hayvonning uloqchadan qo’rqmasdan oldiga kelayotganini ko’rib jahli chiqdi. Unga haddini bildirib qo’yish uchun birdan oldinga otilib bor kuchi bilan oynaga shoxini suzdi.
Oynaning singan ovozi eshitildi. Katta oyna yer bilan bir bo’lgan edi.
Najib Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yosh sahobalardan, Abdulloh ibn Umar (r.a) va Abdulloh ibn Amrga (r.a) “OTANGNING GAPIGA QULOQ TUT”, deb buyurganlarini bilganida edi, otasining gapidan chiqmagan bo’lar edi.

***
ODOBLI BOLA
Uch ayol qo’llarida o’g’ir xaltalar bilan bozordan qaytayotgan edi. Biroz dam olish uchun yo’lning chekkasidagi o’rindiqqa o’tirishdi. Farzandlari haqida suhbat boshlandi.
Birinchi ayol, o’g’lining juda harakatchan ekanligini, oyoqlarini yuqoriga ko’tarib qo’llari bilan uzoq vaqt yura olishini aytdi.
ikkinchi ayol, o’g’lining ovozi chiroyli ekanligini, aytgan qo’shiqlarini barcha yaxshi ko’rishini aytdi.
Uchinchi ayol esa, ularni tinglash bilan kifoyalandi. Ikki ayol undan nima uchun o’g’li haqida hech narsa gapirmaganligini so’rashganida:
-    Menin o’g’limni maqtovga loyiq hech narsasi yo’q, dedi.
Bu suhbatni eshitgan bir qariya, ularning ortlaridan kuzatib bordi.
Ko’chaning boshiga yetganida ayollar qo’llaridagi xaltalarini yerga qo’yib, tolgan qo’llari bilan bellarini uqalashga tushishdi. Ularni ko’rgan farzandlari yugurib kelishdi.
Birinchi ayolning o’g’li o’mbaloq oshib, qo’llarida yurayotgan edi.
Ikkinchi ayolning o’g’li esa katta bir toshning ustiga o’tirib onasining yoqtirgan qo’shiqlaridan birini ayta boshladi. Ayollar qarsak chalib olqishlashdi.
Uchinchi ayolning o’g’li esa:
-    Oyijon sizga yordamlashib yuboraman, deb xaltani onasining qo’lidan oldi. Ayollar o’sha atrofdan o’tib ketayotgan qariyadan farzandlarining odobi haqida so’rashdi. Qariya:
-     Men bir odobli bolani ko’rdim, deb onasiga yordam berish uchun yugurib kelgan bolaga ishora qildi. U Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislariga amal qilgan edi:
“BARCHANGIZGA ONANGIZNING XIZMATIDA BO’LISHINGIZNI TAVSIYA QILAMAN”.
***

PLASTMASSA KOSA
Duradgor ancha qarib qolgan, ko’zlarida nur, qo’llarida madori qolmagan edi. Qo’llari kuchsizlikdan qaltiragani uchun qoshiqni ushlay olmas, ovqati doim dasturxonga to’kilib ketar edi.
O’g’li bilan kelini ovqatini e’tiborsizlikdan to’kib yuboryapti deb jahl qilishar edi. O’g’zidan ovqatining oqib turishi ularni yanada behuzur qilardi. Oxiri qariyaning dasturxonini yerga alohida solib berishga qaror qilishdi.
Kichik nabirasi Hasan, buvasining ahvoliga achinardi. Ovqat payti buvasining qo’lidan ushlab to’kmasdan yeyishiga yordamlashar edi.
Kunlardan bir kuni keksa ko’zlarida yosh bilan dasturxon atrofidagilarni kuzatar ekan, qo’lidagi kosasi yerga tushib sinib qoldi. Uning bu ishiga jahllari chiqib, yomon so’zlar bilan qalbini og’ritishdi. Ovqatini plastmassa likobchaga solib beradigan bo’lishdi.
Bir kuni keksa duradgorning o’g’li ayoliga mevalarni plastmassa likobchaga qo’ymasligini aytayotgandi:
-    Ol, bularni axlatga tashlab yubor, dedi.
Hasan plastmassa kosalardan ikkitasini olib:
-    Kelajakda kerak bo’ladi, deb olib qo’ydi.
Otasi qiziqib:
-    Nima qilasan bularni o’g’lim, deb so’radi.
Hasan shunday dedi:
-    Qariganingizda sizga ovqat solib beraman.
Hasanning ota-onasi uning bu gaplaridan keyin o’ylanib qolishdi. Qilgan ishlaridan pushaymon bo’lib,  qariyadan uzr so’rashdi va u bilan bir dasturxonda ovqat yeydigan bo’lishdi.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“ALLOHNING RIZOSIGA OTA-ONANI XURSAND QILISH ORQALI ERISHILADI. OTA-ONANI NOROZI QILISH ESA ALLOHNING G’AZABIGA SABAB BO’LADI”.
***

QALAM
Jaloliddin kambag’al bir duradgorning o’g’li edi.
U qalamini yo’qotib qo’ygani uchun yo’l chekkasida yig’lab o’tirgan edi.
U yerdan o’tib ketayotgan bir odam unung nima uchun yig’layotganini so’rab bilgach, cho’ntagidan bir qalamni olib:
-    Yo’qotib qo’ygan qalaming mana shu emasmi? - deb so’radi.
Jaloliddin yig’isini to’xtatishga harakat qilgancha:
-    Yo’q mening qalamim chiroyli emas edi, dedi.
Haligi kishi uni to’g’riso’zligi uchun yaxshi ko’rib qoldi.
-    Unday bo’lsa, to’g’ri gapirganing uchun senga shu qalamni sovg’a qilaman. Iltimos, sovg’amni qabul qil, deb qalamni unga berdi.
Payg’ambarrimiz sollallohu alayhi vasallam Allohning to’g’riso’z insonlarga mukofotini shunday marhamat qiladilar:
“TO’G’RISO’ZLIK YAXSHILIKKA, YAXSHILIK ESA JANNATGA OLIB BORADI”.

***
YOLG’ONCHI
O’sha kuni qozixonada bir ayol va erkakning da’volari ko’rib chiqilayotgan edi. Qozi janoblari joyiga o’tirgach mahkama boshlandi. Ilk so’z navbati ayolga berildi:
Yonidagi ozg’in bir odamni ko’rsatib:
-    Bu odam menga tajovuz qildi, nomusimga tegdi, deb yig’lay boshladi.
Haligi kishi o’zini himoya qilib:
-    U yolg’on gapiryapti, hazratim! Men sotilgan qo’ylarimning pullarini hisoblayotgan edim, bu ayol kelib pul berishimni so’radi. Aks holda menga yomon bo’lishini aytdi. Taklifini rad etganimni ko’rgach baqirib chaqirishni boshladi.
Qozi ularni tinglagach kim haq, kim nohaq ekanligini tushundi. Ammo buni hech kimga bildirmadi. Haligi kishiga:
-    Bechora ayolga tajovuz qilib yana hech narsa qilmadim deb yolg’on gapirishga uyalmaysanmi?! Darhol qo’lingdagi pullarni unga ber, bo’lmasam zindonga tashlayman, dedi.
Qozining bunday muomala qilganini ko’rganlar hayron bo’lishdi.
Ayol pullarni olib xursand bo’ldi va qozini duo qilib qaytib ketdi. Shu payt qozi haligi odamga ayolning ortidan yugurib borib qo’lidagi pullarini olib qo’yishini aytdi. Bechora odam nima bo’layotganiga tushuna olmay, pullarini qaytarib olish uchun tashqariga yugurib chiqib ketdi.
Birozdan keyin ikkovini yana qozixonaga olib kelishdi. Haligi odam usti-boshi tirnalgan holda ingrab turardi.
Ilk so’z navbati yana ayolga berildi. Ayol jahli chiqib;
-    Qozi janoblari, bu qo’pol odam siz bergan pullaringizni olib qo’ymoqchi bo’ldi, dedi.
Qozi:
-    Xo’sh, olib qo’ydimi?, deb so’radi.
 Ayol tirjayib:
-    Mening bu ozg’inga beradigan pulim yo’q, dedi. Uni bu gaplarini eshitgan qozi baqirgancha:
-    Hoy, behayo ayol! O’zingni nomusli ko’rsatib bechora odamning senga tajovuz qilganini aytganding. Haqqing bo’lmagan pullarni bermaslik uchun shunchalik talashibsan, nomusingni himoya qilish uchun kurashsang bo’lmaydimi? Darhol pullarni egasiga qaytarib ber, dedi.
Qozi hazratlari ayolni jazolashdan avval unga Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi-shariflarini eslatdi:

“YOLG’ONCHILIK AXLOQSIZLIKDIR. AXLOQSIZLIK INSONNI JAHANNAMGA OLIB BORADI”.

***
KASHTAN DARAXTI

Husni amaki ko’rsatkich barmog’i bilan aybdorni ko’rsatib:
-    Hokim janoblari! Men o’tgan yili safarga ketishimdan oldin bu odamga bir olmos ko’zli uzukni omonat qoldirgan edim. Hozir esa, uzugimni qaytarib bermayapti, dedi.
Hokim aybdor o’rindig’ida o’tirgan odamga:
-    Nima uchun bu odamning uzugini bermayapsan? deb so’radi.
Haligi odam:
-    U yolg’on gapiryapti. Menga hech qanday uzuk bermagan, dedi.
Hokim Husni amakidan:
-    Uzukni bu odamga berayotganingni ko’rgan guvohing bormi, deb so’radi.
-    Yo’q, kashtan daraxtining tagida bergan edim, hech kim ko’rmagan edi, dedi.
Shu payt hokim Husni amakiga:
-    Darhol o’sha yerga borib, menga kashtan daraxtining bir shoxini olib kel, dedi.
Aybdorga uni kutib turishini aytdi. Ko’p o’tmay hokim aybdorga:
-    Qayerda qoldi endi bu Husni amaki? Derazadan qarachi, kelayotganmikan, dedi.
Aybdor o’tirgan joyidan ham turmay javob berdi:
-    Uch soat o’tmasdan kela olmaydi, u yer juda uzoqda, dedi.
Shunda hokim aybdorga:
-    Hoy, yolg’onchi! Uzukni olmagan bo’lsang, kashtan daraxtini uzoqda ekanligini qayerdan bilasan? Sen Payg’ambarimiz sollallohu alyhi vasallamning:
“YOLG’ON GAPIRISH YOMONLIKKA, YOMONLIK ESA JAHANNAMGA OLIB BORADI”, deganlarini eshitmaganmiding, debdi. Keyin yolg’onchiga o’g’ir jazo tayinladi.
***

AKS-SADO
Ramzining dadasi dalada ishlar edi. U dadasiga ovqat olib borar di. Uzoqdagi tepalikdagi toshloqning pastki qismida bir qorong’ulik ko’rindi. Tikka turgan toshni bir bola deb o’ylab unga qarata “Hooy!” deb baqirdi.
Tepadagi toshliklardan “Hooy!” degan ovoz keldi.
Ramzi bu ovozning aks-sado ekanligini bilmaganligi uchun tepalikning orqasida bir bola yashirinib olib va uni mazax qilyapti deb o’yladi.
-    Yoningga borsam adabingni beraman, deb baqirdi.
O’sha ovoz yana takrorlandi:
-    Yoningga borsam adabingni beraman!
Ramzining yaxshigina jahli chiqdi va bor ovozi bilan:
-    Mard bo’lsang maydonga chiq, qo’rqoq! deb baqirdi.
Yana o’sha ovozni eshitgach tepalikka qarab yugirib chiqdi. Tepalikka chiqqanida toliqqanligini his qildi. Yon-atrofda hech kim yo’qligini ko’rgach, bir maqtanchoq bola biror joyga berkinib olgan deb o’yladi. Tepaliklarga tirmashib chiqishga harakat qildi. Jahli chiqqanidan og’ziga kelgan narsalarni aytayotgan edi. Yashirinib olgan bolani qo’lga tushirsa, nima qilishini yaxshi bilardi. Ammo, o’sha nomard  bola uning oldiga chiqishga qo’rqayotgandek edi.
Ancha payt qolib ketdi va  otasining qorni ochiqqanligi uchun u bolani izlashdan voz kechdi.
Dalaga borgach bo’lgan voqeani otasiga aytib berdi.
Otasi unga bir maqolni yodiga soldi:
“Og’ziga kelgan narsani aytgan odam, istamagan gaplarini ham eshitadi.”
Agar Ramzi Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflarini bilganida bunday qilmagan bo’ler edi:
“ALLOHGA VA OXIRAT KUNIGA ISHONGAN ODAM, YAXSHI GAP GAPIRSIN YOKI SUKUT SAQLASIN!”
***

NON
Sovuq qish kunlaridan biri edi.
Hasan nonvoydan non sotib olib uyga qaytayotgan edi.
Oriqligidan suyaklari bilinib turgan bir it, uning qo’lidagi nonlarga yolvargancha qarab turganini ko’rib qoldi.
Hasan bechora itning ahvoliga achindi. O’ziga o’zi: “Nonning bittasini itga bersam onamning jahli chiqadi” deb pichirladi. Birozdan keyin hamma narsaga ko’z yumib, qo’lidagi savatini yerga qo’ydi. Ichidan bitta nonni olib to’g’rab itning oldiga qo’ydi.
Nonvoyxonadan kelayotganida bir dam uning gaplarini eshitgan edi. O’zining nonlaridan bittasini Hasanning savatiga solib qo’ydi.
Hasan uyga borganida savatidagi nonlarning soni kamaymaganligini ko’rib hayron bo’ldi.
Agar Hasan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini bilganida hamma narsani tushungan bo’lar edi:
“SADAQA BERISH BILAN MOL KAMAYMAYDI”.

***
XASIS
Ehsonning bir keksa tog’asi bor edi. Mol-davlatini o’zi sarflashni ham, boshqalarga berishni ham xohlamaganligi uchun uni odamlar yomon ko’rar edi.
Bir kuni tog’asi “Insonning boyliklari qo’l ostida bo’lishi kerak” deb butun boyligini oltinga aylantiribdi. Oltinlarini hovlisining bir chekkasiga ko’mib qo’yibdi.
Har kuni oltinlarini kavlab chiqarib sanab yana joyiga ko’mib qo’yar ekan.
Bir kuni oltinlarini ko’mgan joyidan topa olmabdi. Oltinlarini kimdir o’g’irlagan edi. Aqldan ozishiga oz qolibdi.
Bo’lgan voqeadan xabar topgan Ehson tog’asiga shunday dedi:
-    Bekorga yig’lamang  tog’ajon. Aslida u oltinlar sizniki emas edi. Agar sizniki bo’lganida, ularni yerga ko’mib qo’ymasdan o’zingiz foydalangan bo’lar edingiz…
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh Taolodan  xasislikdan panoh so’rab duo qilganlar va xasis insonlar haqida shunday degan edilar:
“XASIS ODAM ALLOHDAN, JANNATDAN VA INSONLARDAN UZOQDIR…”

***
POYAFZAL
Bu yil qish qattiq kelgan edi. Sadining poyafzali teshilib qolganligi uchun paypoqlarigacha suv o’tib ketayotgan edi. Shu yili ilk marotaba oilasi kambag’alligi uchun xafa bo’ldi. “Durustroq kiyim-kechak, qalin kiyim va chidamli poyafzal olishga pulimiz bo’ganda edi” deb o’yladi.
Bir kuni maktabdan uyga qaytayotgan edi. Katta masjidning yoniga kelganida asr namoziga azon eshitildi. Sadi jamoat bilan namoz o’qishni yaxshi ko’rar edi. Darrov masjid hovlisiga kirdi, tahorat olish uchun chashmaning yoniga bordi. Maktab to’rvasini chetga qo’yib yengini shimarishni boshladi.
Yon-atrofdagi tanish musulmonlar chashmaning atrofida tahorat olishayotgan edi. Suv jo’mragining qarshisiga o’tirdi. Poyafzalini yechdi, paypoqlari yana kir bo’lgan edi. Jahl bilan poyafzalini yerga tashladi. Shu payt yonida bir odamning oyog’ini yuvib o’rnidan turganini ko’rib qoldi. Bechora odamning bir oyog’i yo’q edi. Sadi tuzukroq poyafzalim yo’q deb xafa bo’lganidan uyalib ketdi. Bir oyog’i yo’q odam puli ko’p va badavlat bo’lishi mumkin edi, ammo istagan narsasini sotib ololmas edi.
Namozdan keyin qo’llarini yana ham balandroq ko’tarib duo qildi. Alloh Taologa sog’lom oyoq bergani uchun shukr qildi.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“QANOATLI BO’L! SHUNDA ENG YAXSHI SHUKR QILGUVCHILARDAN BO’LASAN”.
***

MOSHINA
Hikmat a’lochi o’quvchi edi. Uylaridan ancha uzoqda joylashgan maktabda o’qir edi. Har kuni maktabga avtobusda borib kelardi. Hikmat ko’p narsaga qiziqardi, shulardan biri moshina edi. Do’stlari bilan maktabga borib kelayotganlarida yo’lda ko’rgan moshinalarning marka va modellarini bir ko’rishda aytib berardi. Ammo, o’z oilasining moshinasi yo’q edi, shuni o’ylaganida xafa bo’lardi. Fahm-farosatli bola bo’lganligi uchun ota-onasiga xafaligini bildirmas edi. Otasi oddiy bir ishchi bo’lib, to’rt kishidan iborat bo’lgan oilasini zo’rg’a boqa olardi. Otasiga moshina haqida gapirishining foydasi yo’q edi. Oila tebratish uchun bor kuchi bilan harakat qilayotgan insonning qo’lidan kelmaydigan narsalarni talab qilish haqsizlik bo’lardi.
Hikmat bilan bir maktabda o’qiydigan Ahmad ismli do’stining maktabga piyoda borib kelayotganini ko’rganida tushuna olmas edi.
Bir kuni ertalabdan yomg’ir boshladi. Hikmat do’stlari bilan avtobus kutayotganida Ahmadning yomg’ir yog’ishiga qaramasdan tez-tez yurib oldilaridan o’tib ketganini ko’rib qoldi. Hikmat Ahmadga qarab:
-    Hozir avtobus kelib qoladi, yomg’irda yurma, dedi.
Ahmad:
-    Raxmat, bir joyga kirib o’tishim kerak edi, dedi.
Shu holat bir necha marotaba takrorlandi. Hikmat do’stining nima sababdan avtobusga chiqmaganligiga qiziqayotgan edi. Bir kuni shu haqda onasi bilan suhbatlashdi.
Onasi Ahmadning oilasini yaxshi tanirdi. Otasi bir necha yil oldin vafot etgan va olti bola yetim qolgan edi. Bechora onasi begonalarning uyida farroshlik qilib pul topib bolalarini boqayotgan edi. Ahmadning avtobusga chiqmasligining sababi yetarlicha puli yo’qligi edi.
Hikmat bu gaplarni eshitib juda xafa bo’ldi. Moshinamiz yo’q deb xafa bo’lganligidan uyaldi. Uning oilasidan ham kambag’al, yashash uchun joylari bo’lmagan va qora qozon qaynata olish uchun kecha-kunduz harakat qilayotgan minglarcha odamlar bilan bir shaharda yashayotganligini o’yladi. Alloh Taologa bergan ne’matlari uchun shukr qildi.
 Hikmat ismli bola Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflarini bilganida moshinasi yo’qligi uchun xafa bo’lmas edi:
“O’ZINGIZDAN PASTDAGILARGA NAZAR SOLING, TEPADAGILARGA EMAS”.
***

DUMAN ISMLI OT
Qadim zamonda Hotam ismli badavlat va juda saxiy odam bo’lgan ekan. Chorvalari yaylovlarni to’ldirib o’tlar ekan. Mol-mulkini boshqalar bilan baham ko’rishdan zavqlangan Hotamning Duman ismli tim qora oti bor ekan. Hech bir ot Duman bilan tenglasha olmas ekan, uning yeldek uchqurligi barchaning tilida doston bo’lgan ekan. Hotam otini ko’z qorachig’idek asrar va hech narsaga alishmas ekan.
Hotamning saxiyligi va oti haqidagi maqtovlar podshohgacha yetib boribdi. Podshoh bosh vazirini huzuriga chaqirib:
HXotamning saxiyligini sinab ko’rmoqchiman, Duman ismli otini men uchun so’rattir, ko’raylik-chi berarmikan, debdi.
Podshohning odamlari ertasi kuni yo’lga tushishibdi. Yomg’ir jala quygan bir kechada Hotamning qishlog’iga yetib borib, uning uyida mehmon bo’lishibdi. Hotam ularni xursandchilik bilan kutib olibdi. Xizmatkorlariga ovqat tayyorlashni buyuribdi. Ko’p vaqt o’tmay dasturxon tuzashib, ularni kabop bilan mehmon qilishibdi. Mehmonlar ovqatdan so’ng yumshoq yotoqlarda chuqur uyquga ketishibdi.
Ertasi tongda podshohning odamlari tashriflarining sababini aytishibdi. Hotam chuqur qayg’u bilan:
-    Eh! Attang, podshohimizning buyrug’ini kecha kelganingizda aytsangiz yaxshi bo’lar edi. Sizni ot go’shtini yaxshi ko’rishingizni bilar edim. Kecha kechasi yomg’irda so’yishga Dumandan boshqa ot topa olmagandim, debdi.
Hotamning saxiyligi ikki echki so’rab kelgan odamga bir suruv echki hadiya qilgan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qanchalik o’xshaydi-ya!
Saxiylikning oliy fazilat ekanligini Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deb ta’riflaganlar:
“SAXIY ODAM ALLOHGA, INSONLARGA, JANNATGA YAQIN, JAHANNAMDAN UZOQDIR”.
***

G’ISHT

Bir zamonlar Hojimurod ismli bir kambag’al odam bo’lgan ekan. U iymon-e’tiqodli, to’griso’z odam ekan. Bir kuni uyining devorini suvayotganida g’isht shaklida bir bo’lak oltin topib olibdi. Xursandchilikdan nima qilishini bilmay qolibdi.
“Kambag’allikdan qutuldim, endi o’zimga saroy qurdiraman. Yerlarini marmardan qilaman, uyning ichini eng yaxshi jihozlar bilan bezataman. Bog’ini rang-barang gullar, turli xil mevali daraxtlar bilan to’ldiraman. Daraxtlarda esa dunyoning eng go’zal qushlari sayrab tursin” deb hayolidan o’tkazibdi.
O’sha kecha shu hayollar bilan uyquga ketibdi.
Ertasi kun uyiga ishga yollamoqchi bo’lgan xizmatkorlarni, oshchilarni, ishchilarni tasavvur qilibdi.
Keyingi kunlarda boshqa narsalar haqida hayollar suribdi. Hayol surib yeb-ichishni, namoz o’qishni, hatto bu ne’matni bergan Alloh Taologa shukr qilishni ham unutib qo’yibdi.
Bir kuni Hojimurod turli hayollar bilan shahar tashqarisida aylanib yurganida bir mozorning oldida g’isht yasayotgan odamga duch kelibdi. U ketmoni bilan yerni kavlar, qazib olingan tuproqni suv bilan aralashtirib g’isht qolipiga to’kayotgan ekan.
G’isht yasayotgan odam mozor tuprog’idan yasalgan g’isht mustahkam bo’lishini aytganida, Hojimurodga bir tarsaki tushgandek bo’libdi.O’zini o’zi koyigancha yurishda davom etibdi:
-“Ey aqlsiz odam! Bir kun sen yotgan mozorning tuprog’idan ham g’isht yasaladi. Qo’linga bir bo’lak oltin tushgach aqldan ozay deding. Namozingni ham unutib qo’yding. Holbuki, har kun umr daftaringning bir kuni ozayib, o’limga bir qadam yaqinlashmoqdasan. Hayolparastligingni qo’y, Alloh bergan g’animat umringni qadrini bil! Pulingni isrof qilmay, kerak joylarga sarf et. Isrof yo’lini tutma!”
O’sha payt peshinga azon eshitilibdi. Hojimurod xayrli ishlarni o’ylab, huzur bilan masjid tomonga qarab yo’l olibdi.
Koshki Hojimurod Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini bilganida edi parishon holatga tushmagan bo’lardi:
“UHUD TOG’ICHALIK OLTINIM BO’LSA, EHTIYOJIMDAN ORTIG’INI UCH KUNDAN KO’P YONIMDA QOLISHINI ISTAMAYMAN”.
***

MEHMON
Hamdi hovlida o’ynab yurganida oppoq soqolli bir qariyani ko’rib qoldi. Qariya asta-sekin qadam tashlab yurib, kichik uy hovlisining darvozasi yonida dam olish uchun to’xtadi. Hamdiga:
-    Bolam, bu mehmonxonada bir kecha tunab qolsam bo’ladimi, deb so’radi.
Hamdi kulib:
-    Amaki, bu yer mehmonxona emas, dedi.
-    Mehmonxona bo’lmay nima?
-    Bizning uyimiz.
-    Ha, shundaymi, bu uyni kim qurdirgan?
-    Buvam.
-    Buvangdan kimga qolgan?
-    Dadamga.
-    Dadangdan keyin kimga qoladi?
-    Menga qolsa kerak.
Qariya Hamdiga tabassum bilan qarab:
-    Bu uyning egalari doim boshqa odamga qoldirib ketganlaridan keyin, hammangiz bu uyda mehmonsiz o’g’lim, deb yo’lida davom etdi.
Ta’til tugab maktab boshlandi. Diniy tarbiya darsida eng mazmunli ta’til xotiralari haqida suhbat bo’ldi. Hamdi bo’lgan voqeani gapirib berdi. Ba’zi o’quvchilar qariyaning gapining hikmatini tushuna olishmagach o’qituvchisi Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini aytib berdi:
“MENING DUNYOGA QIZIQISHIM, BIR DARAXTNING TAGIDA DAM OLGACH YO’LIDA DAVOM ETGAN YO’LOVCHINING HOLATI KABIDIR”.
***

O’TINCHI
Hazrati Muso alayhissalom davrida faqir bir o’tinchi bo’lgan ekan. Tog’dan to’plab kelgan o’tinlarini bozorga olib borib sotar, topgan bir-ikki chaqa puli bilan kun ko’rar ekan. O’tinchi og’ir ish qilsa ham charchoq bilmas ekan. Ammo o’ziga o’xshab o’tinchilik qiladigan qo’shnisining o’tinlarni eshagiga yuklab olib kelishini ko’rib jahli chiqar ekan.
Faqir o’tinchi Muso alayhissalomga kelib holidan shikoyat qilibdi:
-    Yelkamda o’tin tashiganim uchun hamma joyim yara bo’ldi. Umrim bo’yi huzur-halovat nimaligini bilmadim. Iltimos, Robbingning huzuriga borganingda mening holimni yetkaz. O’tin tashishim uchun menga bir eshak bersin, debdi.
Hazrati Muso alayhissalom Alloh Taoloning huzuriga borganida o’tinchining istagini yetkazibdi.
Alloh Taolo:
-    U bandamda hasadgo’ylik illati bor. Bu illatdan xalos bo’lmagunicha rohat nimaligini bilmaydi. Avval hasad qilishdan qutulishi kerak. Bu hasadgo’y qulimning qo’shnisining eshagi xastalanib qoldi. Unga ayt, qo’shnisining eshagi tuzalib ketishi uchun duo qilsin. Shunda men unga bir eshak beraman, debdi.
Hazrati Muso alayhissalom Alloh Taoloning ushbu taklifini o’tinchiga yetkazganida, uning yana ham hasadi kelib:
-    Men holatimdan xursandman. Allohdan faqatgina bir eshak berishini so’rayman. Ammo qo’shnimning eshagi tuzalmasin, tuzalishi uchun ham  duo qilolmayman, debdi.
Hasadgo’ylik haqiqatdan ham yomon illat hisoblanadi. Bu illatga chalingan inson also baxtli bo’la olmaydi. Faqir o’tinchini yelkasida o’tin tashishdan ko’ra qo’shnisiga hasad qilishdan ko’proq zarar ko’rgan.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“HASADGO’YLIK QILMANG, OLOV O’TINLARNI YONIB KUL QILGANI KABI, HASAD HAM INSONNING YAXSHILIKLARINI YO’Q QILADI”.
***

QONLI BIGIZ
O’sha kuni bozorlik qilish navbati Adamda edi. Tongda barvaqt uyg’onib bozorga bordi. Sotib olgan mahsulotlarni kichik xaltasiga joyladi. Xo’jalik do’konidan sotib olgan bigiz jigar solingan xaltani teshib qo’yishi hayoliga kelmagan edi.
Uyga kelgach o’tkir uchli bigizni xaltadan chiqardi. Ustidagi qonni yuvish uchun tashqarida eshik oldida qoldirdi. Qaytib kelganida jigar hidiga kelgan bir mushuk bigizni yalayotgan edi.
Bigizdagi qon ozayish o’rniga borgan sayin ko’payar edi. Mushuk bo’lsa toza qonni ishtaha bilan yalayotgan edi.
Nima bo’lganini kechroq tushungan Adamning mushukka rahmi keldi. Mushukni “pisht, pisht!” deb haydadi.
Mushuk bo’lsa nasibamga to’siq bo’ldi deb Adamga jahli chiqib qarab turardi. Qon tekkan o’tkir asbobning mushukni tilini kesib yuborganini va bechora mushuk o’z qonini yalayotganini bilmas edi.
Adam bo’lib o’tgan ishni dadasiga aytib berganida dadasi kulib:
-    Ba’zi insonlar sening mushuginga o’xshaydi, o’g’lim. Qilgan yomonliklarining o’zlariga zarar berishini o’ylamaydilar. Yomonliklariga qarshilik qilgan odamlarga xuddi sening mushugingga o’xshab jahl qilishadi, dedi.
Adam:
-    Ularning yomon ishlariga qarshilik qilish kerak emas, ularning o’zlari yomon ish qilayotganini bilishi kerak, dedi.
Dadasi:
-    Ularni qilayotgan yomon ishlaridan qaytarmaslik bizga yarashmaydi, bolajonim. Bizning vazifamiz insonlarni yomon yo’ldan qaytarishga harakat qilishdir. Shunday qilsak, ularga ham, jamiyatga ham yaxshilik qilgan bo’lamiz, dedi. Keyin Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini aytdi:
“YOMON ISHNI KO’RGAN INSON, UNGA QO’LI BILAN QARSHILIK QILSIN. QO’LI BILAN QARSHILIK QILA OLMASA, TILI BILAN QARSHILIK QILSIN. BUNGA HAM QODIR BO’LMASA, O’SHA YOMON ISHDAN NAFRATLANSIN”.
***

IT
Memish tog’a ayoli bilan dalada ekin ekayotgandi. Kichik farzandi dalaning chekkasidagi daraxt tagida supada uxlayotgan edi. Qorabosh ismli iti uni qo’riqlab yotgan edi.
Memish tog’a bilan ayoli dam olish uchun daraxtning oldiga kelganlarida qo’rqinchli manzaraga duch kelishdi. Farzandlari yopinchig’ining ustida pastga o’girligan holatda harakatsiz yotardi. Qorabosh bo’lsa, qonga belanib og’riqdan ingrab turardi.
Memish tog’a aqldan ozishiga oz qoldi. Qorabosh bolaga tashlanib zarar bergan deb o’yladi va  qo’lidagi o’roq bilan uning boshiga urdi. Bechora Qorabosh yerga jonsiz yiqildi.
Ayoli farzandlarining soppa-sog’ ekanligini, uxlab yotganligini aytganida hayron bo’lishdi. Memish tog’a biroz narida yotgan katta bir ilonga ko’zi tushdi. Qorabosh ilon bilan olishganida yaralangan ekan. O’z hayoti evaziga ularning farzandlarini o’limdan qutqarganini tushunib yetishdi va o’ylamay qilib qo’ygan ishlaridan chuqur qayg’uga botishdi.
Memish tog’a Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarini bilganida edi, o’ylamasdan hech bir ish qilmas va hozir xursand bo’lgan bo’lar edi:
“EHTIYOTKORLIK ALLOHDAN, SHOSHILISH ESA SHAYTONDANDIR”.
***

SARIQ SIGIR
Oysha xola hovlisiga loviya ekkan edi. Ob-havo yaxshi bo’lganligi uchun ekilgan loviya qisqa vaqtda ko’karib chiqdi.
Bir kuni bir sigir bo’kirgancha uyidan tashqariga otildi. Qo’shnisining sariq sigiri hovlisiga kirib ko’kara boshlagan loviyalarini yer bilan yakson qildi.
Oysha xola qilgan mehnatini bekor ketganini ko’rib nima qilishini bilmay qoldi. Sariq sigir bo’ynidagi arqoni bilan oxurining yonida bo’kirgancha turardi. Jahli chiqqan Oysha xola qo’liga tushgan qalin bir tayoq bilan bechora sigirni kaltaklay boshladi.
Shu payr qo’shnisining ayoli yugurgancha keldi va xafa bo’lib:
-    Bechoraning buzoqchasi kecha o’lib qoldi. Ertalabdan beri uch martta arqonini uzib buzog’ini izladi, dedi.
Bu gaplarni eshitgan Oysha xolaning tayog’i qo’lidan tushib ketdi. Yonlarida turgan sariq sigirni boshini silab:
-    Demak, u ham bolasini o’ylayotgan ekan-da, dedi. Sigirga rahmi keldi va loviyalari yakson qilinganini ham unutdi.
Oysha xola Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislariga amal qilgan, shunday emasmi?
“ALLOHDAN QO’RQING, BU TILSIZ HAYVONLARGA AZIYAT BERMANG”.

 
« Олдинги   Кейинги »

madrasa.uz

 

 

 

 

istanbul escort kayseri escort escort kayseri